Moldovada 15 noyabr kuni prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichi o‘tkaziladi

Foto: twitter.com/dherreraphoto

Moldova Markaziy saylov komissiyasi (MKS) ovozlarning 75 foizini ko‘rib chiqqanidan so‘ng, 15 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichini e’lon qildi. Birinchi tur natijalariga ko‘ra, amaldagi davlat rahbari Igor Dodon 36,27 foiz ovoz bilan birinchi o‘rinni egalladi, sobiq bosh vazir Mayya Sandu 31,03 foiz ovoz bilan ikkinchi o‘rinda turibdi. Nomzodlarning hech biri 50 foizdan ortiq ovoz olmagani sababli g‘olib ikkinchi bosqichda aniqlanadi. Moldova MSKsi saylovlarda ishtirokchilar soni 42,7 foizga yetgani sababli prezidentlik saylovlarining birinchi turini haqiqiy deb tan oldi. — RIA Novosti.

Germaniyada 2 noyabrdan boshlab karantin choralari kuchaytirilmoqda

Foto: Bundesregierung/Bergmann

Germaniyada koronavirusga chalinish holatlari ko‘payib borayotgani sabali karantin choralari kuchaytirildi. 2 noyabrdan boshlab mamlakatda, xususan, restoranlar, barlar, kinoteatrlar, ko‘ngilochar joylar, fitness klublari, yopiq suzish havzalari, do‘konlar faoliyatlari to‘xtatiladi. Karantin paytida mehmonxonalar sayyohlarni qabul qilmaydi, ish safarida bo‘lgan fuqarolar bundan mustasno. Mamlakat aholisining jamoat joylarida o‘ndan ortiq kishi bo‘lib to‘planib turishi taqiqlanadi. Karantin choralari kuz oxirigacha davom etishi ko‘zda tutilgan. Germaniya kanslerining gaplariga ko‘ra, ushbu choralar Germaniya sog‘liqni saqlash tizimining qulashiga yo‘l qo‘ymaslik uchun zarurdir. — Germaniya hukumati sayti.

Black Star kompaniyasining bank hisoblari bloklandi

Rossiyada Black Star kompaniyasining «Alfa-Bank», «Bank 24», «Sberbank» va «Rayffayzenbank»dagi hisob raqamlari bloklandi. Hisoblarning bloklanishiga Federal Soliq xizmati Moskva departamentining soliqlarni to‘lamaganligi to‘g‘risidagi da’vosi sabab bo‘ldi. Ularning miqdori aniqlanmagan. Black Star kompaniyasi moliya direktori akkauntlarning bloklanganini tasdiqladi, ammo buni texnik xato deb aytdi. Unga ko‘ra muammolar bir kun ichida hal qilinadi. «Bizda muddati o‘tgan soliqlar yo‘q, biz o‘z vaqtida to‘laymiz, xavotir olmang», — deb tushuntirdi u. — Mash.

Turkiyadagi zilzila qurbonlari soni 91 kishiga yetdi

Turkiyaning Izmir provinsiyasida yuz bergan 6,6 balli zilzila qurbonlari soni 91 kishiga yetdi. Ayni paytda jabrlanganlar soni 962 kishini tashkil etib, ulardan 743 nafari kasalxonalardan chiqarildi, 155 kishi esa davolanishda davom etmoqda. Hozirda 5 ta turar-joy binosi vayronalari ustida qidiruv-qutqaruv ishlari davom ettirilmoqda. — Gazeta.uz