Ikkinchi bor o‘tkazilgan Samarkand Half Marathon’da jami 43 nafar (31 nafari erkaklar, 12 nafari qizlar) professional sportchilar ishtirok etishdi. Yugurish trassasi «Registon» maydonidan boshlanib, Samarqandning Bibixonim, Afrosiyob, Hazrati Hizr, Xo‘ja Doniyor maqbarasi, Ulug‘bek va «Shohizinda» rasadxonalari kabi tarixiy obidalaridan o‘tadi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar berdi.

Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz»

Erkaklar o‘rtasida o‘tgan bahsda Toshkent viloyatidan Andrey Petrov eng yaxshi natijani qayd etib, g‘olib bo‘ldi.

Aleksandr Petrov. Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz»

Ayollar orasida surxondaryolik Sitora Hamidova birinchilikni qo‘lga kiritishi bilan birga, avvalroq o‘zi o‘rnatgan polumarafon bo‘yicha O‘zbekiston rekordini yangiladi. U 21 km masofani 1 soat 11 daqiqa 58 soniyada bosib o‘tdi. U bunga qadar 1 soat-u 13 daqiqalik ko‘rsatkichni qayd etgandi.

Sitora Hamidova. Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz»

Erkaklar o‘rtasida g‘oliblar:

1 — o‘rin: Andrey Petrov (sovrin 12 mln so‘m)

2 — o‘rin: Shoxrux Davlatov (10 mln so‘m)

3 — o‘rin: Otabek Tashquvvatov (8 mln so‘m)

4 — o‘rin: Vladislav Mamedov (6 mln so‘m)

5 — o‘rin: Yevgeniy Fadeyev (5 mln so‘m)


Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz»

Ayollar o‘rtasida g‘oliblar:

1 — o‘rin: Sitora Hamidova (sovrin 12 mln so‘m)

2 — o‘rin: Marina Xmelovskaya (10 mln so‘m)

3 — o‘rin: Yekaterina Tungoskova (8 mln so‘m)

4 — o‘rin: Sitora Qurbonova (6 mln so‘m)

5 — o‘rin: Veronika Grishina (5 mln so‘m)


Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz»

Samarkand Half Marathon tashkilotchilari — Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi — pandemiya sababli marafonni ikki shaklda — Samarqandda professionallar o‘rtasida hamda barcha xohlovchilar orasida virtual yugurish musobaqasini o‘tkazishni maqsad qilishgan.

Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov onlayn marafonda 35 davlatdan professional va havaskor sportchilar qatnashishini ma’lum qildi.


Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz»

Qolaversa, virtual poyga formati ishtirokchilarga joy va masofani tanlash erkinligini beradi va natijalar Strava ilovasida qayd etilgan ma’lumotlarga muvofiq qabul qilinadi. Yarimmarafon dasturiga «Skandinavcha yurish» bo‘yicha musobaqalar qo‘shildi va 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar esa alohida bolalar yugurish musobaqasida qatnashadilar.


Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz»

Yugurish musobaqasi 1 dan 16 noyabrgacha davom etadi. Musobaqa natijalariga ko‘ra, eng yaxshi yuguradigan shahar va eng yaxshi yuguradigan klub aniqlanadi. Ishtirokchilari eng ko‘p kilometr masofani bosib o‘tadigan O‘zbekiston hududi «O‘zbekistonning yuguruvchi poytaxti» kubogini qo‘lga kiritadi. Eng yaxshi yuguruvchi klub ham taqdirlanadi.

Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz»

Bu yilgi xayriya marafoni — autizm spektri buzilishi (ASB)ga chalingan shaxslarning imkoniyatlari va nogironligi bo‘lganlar uchun madaniy va san’at maskanlaridan foydalanish imkoniyatlariga bag‘ishlangan. Samarkand Half Marathon’dan tushgan mablag‘ autizmga chalingan bolalar uchun O‘zbekistondagi maktab-internatlarning birida bolalar ijodiyoti studiyasini yaratish uchun sarflanadi.