Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 oktyabr kuni «Sog‘lom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmonini imzoladi.

Hujjatga asosan, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda — yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol, «Workout» (mahalla va ko‘cha fitnesi) sportning ustuvor turlari etib belgilanadi. Ushbu sport turlarini rivojlantirish va keng ommaga tatbiq qilish uchun 2021 yildan boshlab har yili 104 mlrd so‘m ajratiladi.

2021 yil 1 yanvardan boshlab mehnat jamoalarida faoliyat yuritayotgan xodimga «Sport targ‘ibotchisi» qo‘shimcha vazifasini yuklash va uning ish haqiga 20 foiz miqdorda ustama belgilash yo‘lga qo‘yiladi.

Ish vaqtidan so‘ng haftada kamida bir marta rahbar va barcha xodimlari yugurish, stritbol, futbol, badminton, voleybol, basketbol, stol tennisi, suzish singari sport turlari bilan shug‘ullanishi ta’minlanadi.

Davlat organlari va tashkilotlarining kasaba uyushmalari va ish beruvchilari o‘rtasidagi jamoa shartnomalarida xodimlariga ishlab chiqarish gimnastikasi mashqlarini bajarishi uchun ish vaqtiga kiritiladigan maxsus tanaffuslarni belgilash joriy etiladi. Har shanba kuni esa soat 14:00 dan so‘ng xodimlar va ularning oila a’zolari o‘rtasida yugurish, stritbol, futbol, badminton, voleybol, basketbol, stol tennisi, suzish va boshqa sport turlari bo‘yicha ommaviy sport musobaqalari tashkil etiladi.

Birinchi rahbarlar «Shaxsiy namuna» tamoyili asosida o‘zlarining antropometrik ko‘rsatkichlarini (semizlik darajasini, vazn indeksini kamaytirish, salomatlikni mustahkamlash) yaxshilash orqali xodimlarning antropometrik ko‘rsatkichlarining yaxshilanishiga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

Bundan tashqari aholini kunlik yurish va yugurishga targ‘ib qilish maqsadida «Sog‘lom turmush tarzi» (www.1hls.uz) platformasini yaratish ham ko‘zda tutilgan.