26 oktyabr kuni soat 17:00 larda Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida joylashgan «Eski yer» suv omboridan odam jasadlari topilganligi haqidagi xabarlar tarqagan edi. Ushbu xabarni Bosh prokuratura matbuot xizmati tasdiqladi.

Yangiqo‘rg‘on tumani, Navkent mahallasida yashovchi ayol N.G‘. (1984 y.t., sudlanmagan, uy bekasi) sha’riy nikohdagi turmush o‘rtog‘ining oilasiga tegishli bo‘lgan, 2,0 gektar tutzor uchun ajratilgan yer maydonining 50 sotixini X.Sarimsaqovga berib yuborganligidan norozi bo‘ladi.

U bu haqida xat yozib qoldirib, joniga qasd qilish maqsadida voyaga yetmagan farzandlari M.Tojimirzayev va B.Tojimirzayevalar bilan tumandagi «Yangiqo‘rg‘on eski yer» suv omboriga kelib, omborning boshlanish qismiga voyaga yetmagan farzandlarini ketma-ketlikda suvga tashlab, ularni cho‘kib o‘lganligiga ishonch hosil qilgandan so‘ng, o‘zini ham suvga tashlab, joniga qasd qilgan.

Halok bo‘lgan bolalar 3 va 1 yosh 8 oylik ekanligi haqida Bosh prokuratura matbuot kotibi «Gazeta.uz» ga aniqlik kiritdi.

Mazkur holat yuzasidan Namangan viloyati prokuraturasi tomonidan JKning 97-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.