Andijon va Samarqand viloyatlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik chog‘ida tarbiyachi ayollar tomonidan sifatsiz ko‘mirdan qo‘lbola briket (tappi) tayyorlayotgan jarayoni aks etgan fotosuratlari ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Ushbu masalaga Maktabgacha ta’lim vazirligi oydinlik kiritdi.

Foto: Jurayeva Fatima/ Facebook

«Ushbu holat Samarqand viloyati Tayloq tumanidagi 30-sonli maktabgacha ta’lim muassasida bo‘lgan. Ushbu muassasaga 11 tonna ko‘mir keltirilgan. Ana shu ko‘mirning 400−500 kilogrami maydalangan, sifatsiz ko‘mir shaklida bo‘lgan va shu sababli xodimlar tomonidan shu holatda tayyorlangan. Maktabgacha ta’lim muassasasi direktori ko‘mirni uvol qilmaslik maqsadida o‘z ixtiyorlari bilan qo‘lbola briketlarni yasagani ma’lum bo‘ldi» — deya izoh berdi Maktabgacha ta’lim vaziri o‘rinbosari Shodiyor Mamatqulov.

Ma’lumot o‘rnida, viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi tomonidan «O‘zbekko‘mir» AJning Samarqand ko‘mir yetkazib beruvchi filialidan 964 million so‘mga 894 tonna ko‘mir hamda 1686 tonna ko‘mir briket xarid qilingan.

Andijon viloyat Maktabgacha ta’lim boshqarmasi tomonidan ishchi guruhi tuzilib, joylarga chiqib o‘rganish jarayonida esa bunday holat qaysi tumanda va qaysi maktabgacha ta’lim muassasida sodir bo‘lgani aniqlanmagan.

Andijon viloyatidagi maktabgacha ta’lim muassasalari uchun 2020−2021 yil kuz-qish mavsumi uchun jami 19,989 tonna ko‘mir va briket mahsulotlarini yetkazib berish ko‘zda tutilgan. Shundan 5771 tonna ko‘mir hamda 14,718 tonna ko‘mir-briket yoqilg‘isi olish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirga qadar ushbu ko‘rsatkichning 74 foizi bajarilgan.

Farg‘ona, Namangan, Surxondaryo, Buxoro, Andijon viloyatlaridagi maktabgacha ta’lim muassasalarida sifatsiz ko‘mirni qaytarib berish holatlari va ular bo‘yicha dalolatnomalar tuzilgani haqida ma’lum qilindi. Dalolatnomalarga ko‘ra, «O‘zbekko‘mir» AJ bilan hamkorlikda sifatsiz ko‘mir sifatli ko‘mir mahsulotlariga almashtirib berilgan.