Davlat test markazi sentyabr oyidagi test sinovlari uchun amalga oshirilgan xaridlar yuzasidan ma’lumot berdi.

DTM bergan xabarga ko‘ra, Davlat komissiyasining 19 iyuldagi 1-son bayoni bilan DTM koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish chora-tadbirlaridan kelib chiqib, test sinovlarida abituriyentlarni tibbiy niqob, qo‘lqop, ruchka, ichimlik suvlari, guruh nazoratchilari hamda ushbu jarayonga jalb etiladigan xodimlarni sifatli tushlik bilan o‘z vaqtida ta’minlash maqsadida ichki tanlov asosida shartnomalarni rasmiylashtirishi belgilangan.

«Shuningdek, Davlat komissiyasining 28 avgustdagi 3-son bayoni bilan Davlat test markazi test sinovlari ochiq stadionlar va xiyobonlarda o‘tkazilishi munosabati bilan quyosh nuridan himoyalash maqsadida, abituriyentlarni bosh kiyim (kepka) bilan ta’minlash uchun ichki tanlov asosida shartnomalarni rasmiylashtirishga ruxsat berilgan», — deyiladi DTM xabarida.

Xabarga ko‘ra, «BOBURXON BN NODIRXON» korxonasi bilan dastlab tuzilgan shartnomaga binoan korxona 1 mln dona bosh kiyimni 6174 so‘mdan 6 mlrd 174 mln so‘mga, 15% qo‘shimcha qiymat solig‘i bilan birga 7 mlrd 100 mln 100 ming so‘mga yetkazib berishi kerak bo‘lgan. Lekin korxona belgilangan miqdorda bosh kiyimlarni yetkazib bera olmagani uchun dastlabki shartnoma bekor qilinib, qo‘shimcha kelishuv imzolangan va 69 506 dona bosh kiyimni 429 mln so‘mdan ortiqroq mablag‘ga, 15% qo‘shimcha qiymat solig‘i bilan birga 493 mln 499 ming so‘mga yetkazib bergan. Ushbu korxona bosh kiyimlarni yetkazib bera olmagani uchun boshqa korxonalar bilan ham bosh kiyim yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar imzolangan.

«Guruh nazoratchilari hamda ushbu jarayonga jalb etiladigan xodimlar ertalab 06:00 dan kechki 20:00 qadar 15 soat davomida test sinovlari o‘tkaziladigan hududda bo‘lganligi sababli ularni sifatli tushlik bilan o‘z vaqtida ta’minlash maqsadida har bir hududda turli korxonalar bilan shartnomalar imzolangan. Bunda eng qimmat shartnoma Toshkent shahri uchun bo‘lib, 13 kunga 12610 dona tushlik (bir martalik idish, ovqat, salat, non, suv, bulochka) ning har biriga 31 000 so‘mdan (yetkazib berish bilan birga) jami 390 mln 910 ming so‘mga imzolangan», — deya xabar berdi DTM matbuot xizmati.

Bundan tashqari, Samarqand viloyatida 12 kunga 5467 dona tushlikning har biriga 25 000 so‘mdan jami 136 mln 675 ming so‘mlik shartnoma imzolangan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston bo‘ylab OTMlarga kirish imtihonlari 2 sentyabrdan boshlab 2 smenada o‘tkazildi va ularda 1,2 mln nafar abituriyent qatnashdi.