30 oktyabr kuni Toshkent shahar ma’muriy sudida UzAuto Motors AJning Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi maxsus komissiyasining 21/31-sonli ishiga oid 19 avgustdagi qarorini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi shikoyat arizasini ko‘rib chiqish bo‘yicha o‘tkazilayotgan sud jarayoni davom etdi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi. Sud ishiga ko‘ra, UzAuto Motors AJning shikoyat arizasi qanoatlantirildi.

Ushbu ma’muriy ish sudya G‘olibjon Davlatov raisligida ko‘rib chiqilmoqda.

Jarayon ochiq sud majlisida davom ettirildi va dastlab Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi vakili S. Atamuratov sudga iltimosnoma bilan murojaat qilib, unda ishni ko‘rishda jamiyat iste’molchilarini hamda Azimavtomotive MCHJni mustaqil talab bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida jalb qilishni so‘radi. Mazkur iltimosnoma taraflar o‘rtasida muhokama qilingach, sudning ajrimiga asosan jamiyat iste’molchilari soni va shaxsi aniq emasligi hamda shikoyat talabi ularning huquq va manfaatlariga bevosita ta’sir ko‘rsatmasligi sababli iltimosnomani qanoatlantirish rad etildi.

Shundan so‘ng Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi vakili S. Atamuratov sudga ikkinchi iltimosnoma bilan murojaat qilib, unda UzAuto Motors AJ vakili N. Otaxonovaning tuhmat va haqoratdan iborat bo‘lgan xatti-harakatlariga qonuniy baho berishni so‘radi. Mazkur iltimosnoma yuzasidan taraflar fikri so‘ralgach sudning yakuniy hal qiluv qarori e’lon qilinganda tushuntirish berilishi ma’lum qilindi.

Toshkent shahar ma’muriy sudining 30 oktyabrdagi hal qiluv qaroriga asosan arizachi UzAuto Motors AJning javobgar Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga nisbatan Maxsus komissiyasining 19 avgustdagi qarorini haqiqiy emas deb topish haqidagi shikoyat arizasi qanoatlantirildi. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Maxsus komissiyasining qarori haqiqiy emas deb topildi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasidan arizachi UzAuto Motors AJ foydasiga shikoyat keltirishda to‘langan davlat boji 2 230 000 so‘m va 20 000 so‘m pochta xarajatlari undirish belgilandi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining matbuot xizmati «Gazeta.uz» ga xabar berishicha, qo‘mita sud qarori ustidan shikoyat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, UzAuto Motors Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining qarori ustidan Toshkent shahar ma’muriy sudiga shikoyat qilgan edi. 2 oktyabr kuni Toshkent shahar ma’muriy sudida shikoyat arizasini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni boshlangan edi. Unda UzAuto Motors sud majlisini yopiq tarzda o‘tkazish to‘g‘risidagi iltimosnoma kiritdi.