O‘zbekistonda «Sifatli dori-darmonlar qo‘llashni rag‘batlantirish plyus» (Promoting the Quality of Medicines Plus) dasturi amalga oshiriladi. Uni amalga oshirish bo‘yicha memorandum AQSHning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi (Farm agentligi) tomonidan imzolandi. Mazkur memorandum USAIDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari vazifasini bajaruvchi Rebekka Blek va Farm agentligi direktori Sardor Kariyev tomonidan imzolandi.

AQSHning O‘zbekistondani elchixonasi xabar berishicha, dastur Farm agentligiga uning nazorat va boshqaruv salohiyatini mustahkamlash, shaffoflik va hisobdorlikni oshirish, dori vositalari sifatini ta’minlash tizimini boshqarish, bemorlar xavfsizligini ta’minlash hamda mikroblarga qarshi dori vositalariga turg‘unlik shakllanishi bilan kurashishda texnik ko‘mak ko‘rsatadi.

Dastur doirasida farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining xalqaro andozalarga mos ravishda faoliyat yuritishini ta’minlash maqsadida yuqoridagi dastur doirasida tegishli ishlab chiqarish tajribasi bo‘yicha inspeksiya tashkil etiladi.

2019 yilning aprel oyida prezident Shavkat Mirziyoyev «2019−2021 yillarda respublika farmatsevtika tarmog‘ini yanada jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi. Farmon sifatli dori vositalari va tibbiyot buyumlariga bo‘lgan talabni mahalliy ishlab chiqarish hisobiga qondirish mamlakat uchun asosiy ustuvor vazifa bo‘lishini belgilaydi.

USAID 2014 yildan beri silga qarshi dori vositalari xavfsizligini oshirish maqsadida O‘zbekistondagi xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. O‘zbekiston silga qarshi dori vositalarini ichki bozordan xarid qilish amaliyotiga o‘tar ekan, mahalliy ishlab chiqarilayotgan silga qarshi dori vositalari xalqaro sifat standartlariga mos bo‘lishi muhim rol o‘ynaydi.

«Sifatli dori-darmonlar qo‘llashni rag‘batlantirish plyus» dasturi bu USAID va AQSH Farmakopiya konvensiyasi o‘rtasida besh yil muddatga tuzilgan hamkorlik bitimi hisoblanib, u past va o‘rta daromadli mamlakatlarda dori vositalari va tibbiyot buyumlari sifatini ta’minlash tizimini barqaror ravishda kuchaytirishdan iborat.