Avvalroq, bosh vazir Abdulla Aripov Sirdaryoga, Sardoba ofatidan jabr ko‘rgan aholini uy bilan ta’minlash va yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida borgani haqida yozgan edik.

Tashrif chog‘ida bosh vazir hukumat vakillari hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari bilan qurib bitkazilgan uylarni yana bir bor ko‘zdan kechirdi.

Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz»

Shu yerning o‘zida Abdulla Aripov aholiga barcha qulayliklarni yaratish kerakligi, bolalar bog‘chasi, maktab va tibbiyot birlashmalarini tezroq qurib bitkazish yoki ta’mirdan chiqarish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Aholini yangi qurilgan ko‘p kvartirali uylarga joylashtirishda asosiy e’tibor adolatli va shaffof bo‘lishiga qaratilmoqda. Bunda aholi, mahalliy va viloyat kengashlari deputatlari bilan kelishgan holda nogironligi bo‘lgan fuqarolarni birinchi va ikkinchi qavatga joylashtirish masalasi ko‘rib chiqilishi aytildi. Shunga ko‘ra, imkoniyati cheklanganlarga ajratilgan xonadonlardan tashqari, qolgan kvartiralar raqamlari qutiga joylashtiriladi va aholining o‘zi tanlab oladi.

«Uylarni taqsimlashda adolatsizlik bo‘lmasligi uchun qutiga raqamlar solinadi va fuqarolar o‘zlari tanlab olishadi. Bu videoga olinadi, «vedomost»ga qo‘l qo‘yadi. Ya’ni shu tanlagan uyi o‘ziniki ekanini tasdiqlash maqsadida. Biz hammasini o‘tkazib bo‘lgach, fuqarolarni o‘zlari imzolagan «vedomost» orqali joylashtirishni amalga oshiramiz», — dedi mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov.

«Yashil» va «qizil» yig‘ma jildlar, qur’a tashlash uchun uy raqamlari. Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz».

Bundan tashqari, fuqarolarning hujjatlarini tayyorlash vaqtida fuqarolarning hujjati to‘liqligiga qarab, «yashil» hamda hujjatida kamchiligi borlar «qizil» yig‘ma jildga kiritilgan.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov. Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz».

«1500 ga yaqin fuqarolarimizda uy-joylarni rasmiylashtirishda kamchiligi bo‘lmaganligi uchun ularni „yashil“ yig‘ma jildga kiritdik. Kamchiligi borlarini „qizil“ yig‘ma jildga kiritdik, bu kamchiliklar bartaraf qilingach, qur’a tashlash yo‘li bilan har bitta fuqaroga uylar taqsimoti qilinadi. Shunda adolatli bo‘ladi. Bundan tashqari, Do‘stlik tumanidagi ikki qavatli uylarda suvdan talofat ko‘rgan vaqtda bir xonali va ikki xonali uyda yashaydigan fuqarolar mavjud edi. Agar ularga xuddi shunday qur’a tashlash yo‘lini qiladigan bo‘lsak, bu uch xonali uyga o‘tib ketishi mumkin. Adolat buziladi unda. Shuning uchun, 170 dan ortiq bir va ikki xonali uyda yashagan fuqarolarimiz uchun alohida o‘tkazamiz. Boshqa qategoriyalarda qur’a tashlanadi. Sababi xuddi shu tadbirni amalga oshirmasak, fuqarolarimizda norozilik kelib chiqishi mumkin. „Nima uchun bir xonali uyda yashaganu, hozirda uch xonali uy oldi“, degan savol albatta, tug‘iladi. Albatta, buning har bittasi mahalliy kengash deputatlari bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi», — deya ta’kidladi Rahmat Mamatov.

«Gazeta.uz» muxbirining xabar berishicha, talofatdan keyin aholi o‘rtasida yuzaga kelgan muammolar faqatgina uy ajratish bilan hal bo‘lib qolmaydi. Aholi nafaqat uyini, balki asosiy daromad manbai hisoblangan qishloq ho‘jaligidagi xosilidan ham ajrab qolgan. Shu bois uyga ko‘chib o‘tgan har bir fuqaroni doimiy ish bilan ta’minlash choralari ham ko‘rilmoqda.

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanov. Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz».

«Mirzaobod tumanining „Haqiqat“ mahallasida talofat ko‘rgan Nuroniylar binosida ikki qavatli yangi mehnat guzari tashkil etildi va u yerda aholi 6 xil kasbga o‘rgatiladi. Oqoltin tumanidagi sobiq kasb-hunar kolleji binosida ham rekonstruksiya yakuniga yetib qoldi, bu yerda 1 dekabrdan 13 xil kasbga o‘rgatamiz. Bandlikni doimiy ta’minlash uchun 3 ta tumanni o‘zida yil oxiriga qadar 6 ta kooperativ birlashma shaklida xo‘jaliklar tuzayapmiz. Bunda bozor bilan yaxshi tanish yetakchi tadbirkor oldiga 50 dan 100 nafargacha aholini ishga joylaymiz, ular birgalikda faoliyat ko‘rsatadi. Boshlanishiga 5100 nafar shaxs ish bilan ta’minlanadi», — dedi mehnat vaziri Nozim Xusanov.

Shu qatorda, xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov Sardobadagi holat bo‘yicha qisqa axborot berib, ilgari maktablarning ahvoli og‘ir bo‘lganini aytdi.

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov. Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz».

«Hozirgi kunda 17 ta maktabda qurilish, ta’mirlash ishlari olib borildi. Bitta yangi maktab va yana bittasiga qo‘shimcha yangi bino qurib berildi. Ilgari ko‘p maktablar 10 yillab ham ta’mirlanmagan edi. Hammasi to‘liq ta’mirlanib, jihozlandi, ular internetga ulandi. Yangi kompyuterlar bilan ta’minlandi. Endi asosiy e’tiborni ta’lim sifatiga qaratamiz», — dedi vazir.

Aytilishicha, suv toshqinidan 10 ta maktabgacha ta’lim tashkilotiga zarar yetgan. Shundan 5 tasi to‘liq ta’mirdan chiqarilib, qolgani esa 1 noyabrgacha foydalanishga tayyor bo‘ladi. Sardoba tumanida 10-sonli va 5-sonli bolalar bog‘chasi 1 noyabrgacha, «Do‘stlik» MFYda yangi qurilayotgan 275 o‘rinli bog‘cha esa 1 dekabrgacha ishga tushishi aytildi. Bundash tashqari, «Do‘stlik» mahallasidagi tekstil fabrikasi o‘zining hisobidan xodimlari uchun 120 o‘rinlik maktabgacha ta’lim muassasasini qurayotgani ta’kidlandi.

Sardoba tumani Do‘stlik mahallasidagi yangi uylar. Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz».


Mizaobod tumani Yangi O‘zbekiston mahallasi. Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz».