Jahon oltin kengashi (WGC) ma’lumotlariga ko‘ra, yilning III choragida O‘zbekiston oltin sotish bo‘yicha yetakchi o‘rinni egalladi. Bu vaqt oralig‘ida Markaziy bank 35 tonna oltin sotgan.

Avvalroq, O‘zbekiston iyul oyida oltin sotish bo‘yicha mutlaq yetakchiga aylangani haqida xabar bergan edik. Markaziy bank iyul oyining o‘zidayoq 11,6 tonna miqdorda oltin sotdi.

Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha ikkinchi o‘rinni 22 tonna oltin sotgan holda Turkiya egallab turibdi. Shuningdek, Rossiya 1,2 tonna ko‘rsatkichi bilan faol oltin sotuvchi mamlakatlar qatoridan joy olgan.

Forbes nashrining ta’kidlashicha, III chorakda oltinga bo‘lgan talab 2009 yil III choragidan beri eng past darajaga tushdi va koronavirus pandemiyasi davom etayotgan bir paytda 892,3 tonnaga kamaygan.

Oltin savdosining ortishi mamlakatlarda pandemiya sababli kuzatilayotgan iqtisodiy zarbani yumshatish uchun oltinga bo‘lgan rekord darajadagi narxlardan foydalanib qolish maqsadlari bilan bog‘liq, deb yozadi Bloomberg. Oltin narxi avgust oyining boshida unsiyasi uchun rekord darajaga, ya’ni 2067 dollarga ko‘tarildi.

Shuningdek, avvalroq O‘zbekiston avgust oyida 2,5 mlrd AQSH dollaridan ziyod summaga oltin eksport qilgani haqida xabar bergan edik. Buning natijasida, O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari ikkinchi oy ketma-ket kamayib, hozirda 33,4 mlrd dollarni tashkil qilmoqda.