30 oktyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mamlakatda ta’lim-tarbiya tizimini takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirish masalalari muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi,

Videoselektor yig‘ilishida ta’lim sohasidagi muammolar, ularni hal etib, ta’lim sifatini oshirishga oid vazifalar muhokama qilindi.

Davlat rahbari avvalo maktablarda o‘quv yuklamasi va darslar sonini qayta ko‘rib chiqish, o‘quvchilarni faqat yodlashga emas, balki fikrlashga chorlaydigan metodika yaratish zarurligini ta’kidladi.

Bu borada Finlyandiya tajribasi misol qilib keltirildi. Ushbu mamlakat umumiy savodxonlik, tabiiy fanlar va matematika bo‘yicha dunyoda eng ilg‘orlardan biri.

«Maktabda o‘qitish metodikasi o‘zgarmasa, ta’lim sifati ham, mazmuni ham, muhit ham o‘zgarmaydi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Dunyodagi zamonaviy o‘quv dasturlari, o‘qitish metodikalarini o‘rganib, yurtimiz umumta’lim maktablarida joriy qilish muhimligi ta’kidlandi. Xalq ta’limi vazirligiga ushbu tajriba asosida Milliy o‘quv dasturini ishlab chiqib, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab ta’lim jarayoniga sinov tariqasida tatbiq etish vazifasi qo‘yildi.

Yangi metodikani samarali yo‘lga qo‘yish uchun barcha maktab o‘qituvchilari videoaloqa orqali xorijiy mutaxassislar ishtirokida o‘qitiladi. Eng muhimi, bu jarayonlarga pedagogika yo‘nalishidagi universitet va institutlar ham jalb qilinib, pedagog kadrlar tayyorlash metodikasi ham yangilanadi. Shuningdek, matematika, fizika, kimyo, biologiya va informatika fanlari bo‘yicha chet ellardagi ilg‘or darsliklar chuqur o‘rganib chiqiladi.

Maktablarni ta’mirlash, obodonlashtirish, isitish kabi xo‘jalik masalalariga hokimlar shaxsan mas’ul ekani eslatib o‘tildi. Shuningdek, oliy o‘quv yurtiga kira olmagan bitiruvchilarni muayyan kasb-hunar yoki tadbirkorlikka jalb etish muhim.

Shu bois kelgusi yildan boshlab 7-sinfdan o‘g‘il-qizlarning kasbga qiziqishlarini aniqlash va bosqichma-bosqich kasbga yo‘naltirish amaliyoti joriy qilinishi belgilandi. Hududdagi sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish korxonalari maktablarga biriktiriladi.

Har bir maktab reytingini hamda shu asosda ta’lim sifati bo‘yicha tuman, shahar va viloyatlar reytingini ishlab chiqish zarurligi aytildi. Reyting natijalariga qarab, maktab direktorlari va o‘rinbosarlari, o‘qituvchilar, hokimlar va ularning ta’lim bo‘yicha maslahatchilari faoliyatiga baho beriladi.

Reytingda birinchi beshlikka kirgan maktab direktorlariga mahalliy byudjetdan ustama to‘lanadi. Xususan, maktab direktorlari va ularning o‘rinbosarlariga mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 3 baravaridan 12 baravarigacha rag‘batlantiruvchi to‘lovlar beriladi. Shu bilan birga, xalq ta’limi bo‘limi rahbari va metodisti, maktab direktorlari, tuman reytingida birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan maktablarning 2 nafar ilg‘or o‘qituvchisiga kasaba uyushmalari hisobidan har yili sihatgohlarga ikki haftalik bepul yo‘llanma beriladi. Shuningdek, fidoyi pedagoglar boshqa yo‘llar bilan ham rag‘batlantiriladi.

Yig‘ilishda pedagog kadrlar malakasini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Bugungi kunda pedagoglar har 5 yilda, rahbar kadrlar esa har 3 yilda malaka oshirmoqda. Lekin bu to‘la qamrov uchun yetarli emas. Joriy yilda Sirdaryo viloyatida 11 ming nafar maktab o‘qituvchilarining barchasi sinov tariqasida masofaviy malaka oshirish kurslari bilan qamrab olinmoqda.

Kelgusi yili Buxoro, Samarqand, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahrida malaka oshirish bo‘yicha masofadan o‘qitish tashkil etiladi. Toshkent davlat pedagogika universiteti pedagog kadrlar malakasini oshirishda respublikada yetakchi oliygoh etib belgilanadi. Avloniy nomidagi malaka oshirish instituti esa ta’lim muammolarini chuqur o‘rganadigan ilmiy-tadqiqot dargohi bo‘ladi.

O‘qituvchilar toifasini belgilash tartibini ham tubdan qayta ko‘rib chiqish lozimligi ta’kidlandi.

Bugungi kunda xalq ta’limi tizimida mehnat qilayotgan 490 mingdan ziyod pedagoglarning 4 foizi oliy, 15 foizi birinchi toifaga ega. 4 bosqichdan iborat amaldagi attestatsiya tizimida qog‘ozbozlik hanuzgacha saqlanib qolgan.

Shu bois mutasaddilarga toifa berish tartibini soddalashtirish, pedagoglar bilimini yil davomida baholash imkonini beruvchi 2 bosqichli tizimga o‘tish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Yana bir muammo — ta’lim sifati pastligi, moddiy-texnika bazasi yetarli bo‘lmagani sababli ayrim maktablar to‘liq quvvatda ishlamayapti. Masalan, Toshkent shahridagi 32 ta maktabda o‘quvchilarni qamrab olish darajasi past.

Mamlakatda xususiy ta’lim muassasalariga keng sharoit yaratilayotgani bois kelgusi yildan eksperiment tariqasida kam quvvatda ishlayotgan maktablarni tanlov asosida salohiyatli talabgorlarga ishonchli boshqaruvga berish taklifi bildirildi.

Maktablarda zamonaviy boshqaruvni joriy qilish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Endi maktab direktorlarini lavozimga tayinlash bevosita mahalliy kengashlar bilan kelishilgan holda, tanlov asosida amalga oshiriladi. Har bir nomzod maktabning ko‘rsatkichlarini kelgusi 3 yilda yuqori darajaga olib chiqish bo‘yicha o‘z dasturi bilan tanlovda ishtirok etadi va har yili kengashlar oldida hisobot beradi.

Bundan asosiy maqsad — maktablarning samarali faoliyatini tashkil etish, direktorlar ishiga noqonuniy aralashuvlar va kadrlar qo‘nimsizligiga barham berish.

Maktablar bilim bilan birga tarbiya, ma’naviyat maskani hamdir. Davlat rahbari bu ishlarga hududlarda yashab, ijod qilayotgan shoir va yozuvchilarni keng jalb qilish, maktablarning direktor jamg‘armasidan va mahalliy byudjet mablag‘laridan ularga oylik maosh to‘lash lozimligini ta’kidladi.

Oliy ta’lim sohasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish va qamrovni oshirish, har bir hududda kamida bittadan nodavlat oliy bilim yurti tashkil qilish muhimligi qayd etildi.

«Bugun ko‘rib chiqilgan masalalar hammadan, maktab direktoridan boshlab Bosh vazirgacha bo‘lgan barcha bo‘g‘indagi rahbarlardan yuksak mas’uliyat va yuqori darajadagi javobgarlikni talab qiladi. Bu — yillar davomida ko‘rinmaydigan, ammo natijasi yaqin 10−15 yilda butun mamlakat qiyofasini tubdan o‘zgartirishga asos bo‘ladigan qudratli manba», — dedi prezident.

Parlament vakillari, shuningdek, joylardagi mahalliy kengash deputatlaridan ta’lim tizimidagi o‘zgarishlarni xalqimizga yetkazib, daxldorlik hissini oshirish, farmon qabul qilingach, ijrosini nazoratga olish, o‘z tajribalari bilan amaliy yordam berish so‘raldi.