O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi prezidenti Mun Chje Inning taklifiga binoan 30 oktyabr kuni Seul shahrida videoanjuman shaklida o‘tgan Shimoliy iqtisodiy hamkorlik ikkinchi xalqaro forumida ishtirok etdi va nutq so‘zladi.

Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ushbu tadbir Prezident Mun Chje In tashabbusi bilan o‘tkazilgan bo‘lib, bu gal uning ishida Qozog‘iston, Turkmaniston va Mo‘g‘uliston yetakchilari ham ishtirok etdi.

O‘zbekiston prezidenti xalqaro siyosatning eng muhim jihatlari va mintaqaviy hamkorlik istiqbollariga to‘xtalib o‘tdi. Xususan, COVID-19ga qarshi kurashish uchun yaqin muvofiqlashuv va keng xalqaro hamkorlik zarurligi qayd etildi.

Muhim yo‘nalishlarda, shu jumladan, Koreya kompaniyalari bilan birgalikda tashkil etilayotgan farmatsevtika klasteri negizida samarali vaksina va zardoblar, kasalliklarni tez va aniq tashxislash tizimlarini ishlab chiqish bo‘yicha birgalikdagi ishlarni davom ettirish taklifi bildirildi.

Bundan tashqari, zamonaviy laboratoriyalar yaratish va chegaralardagi sanitariya nazorati punktlarini modernizatsiya qilish, yuqori malakali vrachlarni tayyorlash, tibbiy chiqindilarni utilizatsiya qilish korxonalarini tashkil etish, mintaqada epidemiologik vaziyatni monitoring qilish va barvaqt prognozlashtirishning integratsiyalashgan tizimini joriy etish muhimligi qayd etildi.

Davlat rahbari Koreya Respublikasini O‘zbekistonga raqamli va «yashil» texnologiyalarni keltirishda asosiy hamkorlardan biri deb bilishini alohida ta’kidladi.

O‘zbekiston kelgusi yilda Seul shahrida bo‘lib o‘tadigan «Yashil» taraqqiyot va 2030 yilga qadar global maqsadlar uchun sheriklik xalqaro sammitida faol ishtirok etishi ma’lum qilindi.

Samarali mintaqaviy transport yo‘laklarini rivojlantirish alohida dolzarb ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. «Bu borada so‘z yuritilganda, avvalo, Transsibir magistrali va „G‘arbiy Yevropa — G‘arbiy Xitoy“ yo‘lagi marshrutlarini mintaqada yangi temir yo‘llar qurish loyihalari bilan o‘zaro bog‘lash zarurligini qayd etish lozim».

Shu munosabat bilan prezident ushbu loyihalarni amalga oshirish masalasini ekspertlar darajasida ko‘rib chiqishni boshlash taklifini ilgari surdi.

«Markaziy Osiyo — Koreya Respublikasi» forumi doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu format doirasidagi sheriklikni yangi, yanada yuqori bosqichga olib chiqish hamda forum yig‘ilishini hukumat rahbarlari ishtirokida o‘tkazishga ob’ektiv zarurat sezilayotgani qayd etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev prezident Mun Chje Inning Koreya yarimorolidagi mustahkam tinchlikka erishish borasidagi faol sa’y-harakatlarini mintaqaviy va global xavfsizlikni ta’minlashga muhim hissa sifatida qo‘llab-quvvatlashini alohida ta’kidladi.

Keng tajriba almashish maqsadida Yadroviy qurolsizlanish, yadroviy quroldan xoli hududlar yaratish masalalari bo‘yicha xalqaro ekspertlik forumini o‘tkazish taklif etildi.