Apple aksiyalarining narxi 29 oktyabr kuni 4,21% ga pasaydi, bu esa kompaniyaning bozor qiymatining taxminan 83 mlrd dollarini tashkil qiladi, deya xabar berdi RBK.

Apple kompaniyasi Xitoydagi sotuv miqdori 2014 yildan beri eng past darajaga tushib qolgani haqida xabar berdi. Iyuldan sentyabrgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida kompaniyaning Xitoydagi daromadi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 29 foizga kamaydi va 7,95 mlrd dollarni tashkil etdi. Va bu kompaniya aksiyalarining nisbatan qadrsizlanishiga olib keldi.

Bloomberg ning yozishicha, Apple biznesi uchun muhim mintaqalardan birida kuzatilayotgan ushbu holat kompaniya sarmoyadorlarini xavotirga solmoqda va ular kompaniyaning texnologiya bozorida raqobatni qo‘ldan boy berayotganligini ta’kidlashmoqda.

Shunday bo‘lsada, kompaniya Xitoydagi muvaffaqiyatsizlikni Mac kompyuterlari (29,2 foizga) va iPad planshetlari (46 foizga) savdosining sezilarli darajada o‘sishi bilan qopladi. iPhone savdosi esa 21 foizga pasaydi.

Kompaniya ushbu vaziyatni iPhone 12 taqdimotining kechikkani bilan izohlamoqda. Asosan, Apple ommaga o‘z qurilmalarining yangi modellarini uchinchi chorakning boshida taqdim etadi. Biroq, pandemiya kompaniyaning ta’minot zanjirini uzib qo‘yishi oqibatida taqdimot oktyabrga qoldirilishiga to‘g‘ri kelgan edi.