Koronavirus pandemiyasi sababli O‘zbekistonda jamoat joylarida niqobsiz bo‘lgan shaxslar jarimaga tortiladi. Niqoblar matoli bo‘lishi kerakmi yoki aholi tibbiy niqoblardan foydalanishi kerakmi?

Matoli niqoblar tibbiy niqoblarga qaraganda kamroq o‘rganilgan va ularning qaysi biri yaxshiroq ekanligigi hakida aniq ma’lumot yo‘q. Mutaxassislarning tavsiyalari tibbiyot xodimlar uchun shaxsiy himoya vositalarining yetishmayotganligiga asoslanmoqda va bir martalik niqoblarni ular uchun asrash kerak degan fikr berilmoqda. «Meduza» matoli niqoblarni sotib olishga yoki tikishga qaror qilganingizda nimalarni bilish kerakligi borasida tavsiyalar bilan bo‘lishdi. «Gazeta.uz» ushbu maqolaning tarjimasini sizga havola etadi.

Tibbiyot muassasalarilaridan tashqarida matoli niqoblar taqish haqida

Yodda tutilishi lozim bo‘lgan eng muhim narsa shundaki, tibbiy muassasalardan tashqarida taqilgan har qanday niqoblar birinchi navbatda atrofdagilarni kasallikdan himoya qilish uchun mo‘ljallangan bo‘lishi kerak. Hozir matoli niqoblar odamlarni virus yuqishidan saqlashi yoki saqlamasligini ta’kidlashimiz uchun ma’lumotlar juda kam.

Ba’zi mamlakatlardagi rasmiy tavsiyalarga ko‘ra, asosan koronavirus simptomlari bo‘lmagan va tibbiy muassasalardan tashqarida bo‘lgan odamlar (agar belgilangan masofani saqlashning iloji bo‘lmasa) matoli niqoblarni taqishlari kerak. Bunday tavsiyalar, masalan, Amerika kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan berilmoqda (xavf ostida bo‘lgan odamlar va koronavirusga xos alomatlari bo‘lgan odamlar bundan mustasno — ular, JSST fikriga ko‘ra, tibbiy niqob taqishlari kerak). Rossiya iste’molchilar huquqini nazorat qilish tashkiloti tibbiy niqoblarni emas, balki aynan gigiyenik niqoblarlarni taqish majburiyatini ta’kidlab o‘tgan.

Buyuk Britaniyada tibbiy yoki matoli niqob taqishni taklif qilishmoqda. Biroq, Yevropa kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi esa tibbiy niqoblarni tanlagan ma’qul deb hisoblaydi. Hatto matoli niqob tarafdorlari ham COVID-19 bilan og‘rigan bemorlarni parvarish qiluvchi yoki ular bilan bir xonada yashovchi odamlar aynan tibbiy niqob taqishlari kerakligini ta’kidladilar.

Matoli niqoblar (nazariy jihatdan) tibbiy niqoblar singari samarali bo‘lishi mumkin

Tibbiy niqoblar meltblaun yoki spanbonddan tayyorlanadi. Bu materiallar to‘qilmagan deb nomlanadi va maxsus birikmani tekis yuzaga purkash orqali hosil qilinadi. O‘z navbatida, matoli niqoblar qandaydir tarzda to‘qilgan mahsulotlardan tayyorlanadi.

Tibbiy niqoblar tibbiyot muassasalarida uzoq vaqtdan beri qo‘llanilib kelinmoqda va ularning yuqumli kasalliklardan samarali saqlashi isbotlangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ba’zi matoli niqoblar nazariy jihatdan tibbiy niqoblar bilan taqqoslanishi mumkin. Biroq, matoli niqoblarini o‘rganish jarayonida, aksariyat hollarda ularning hayotdagi samaradorligi emas, balki o‘zida virus bo‘lishi mumkin bo‘lgan tomchilarni o‘tkazmasligi kabi asosiy xususiyati o‘rganilgan. Bu olimlar asosan har bir kishi matoli yoki tibbiy niqob taqqanda kasallanish holatlarini taqqoslaganini emas, balki mato tomchilarni qanchalik yaxshi ushlab turishini tekshirganligini anglatadi. Ba’zida sinovlar uchun maxsus apparatdan, ba’zida odamlardan foydalanilgan.

Muammo shundaki, real hayotda niqoblardan foydalanganda, yakuniy samaradorlikka ta’sir qiluvchi turli xil omillar aralashishi mumkin: bunday niqoblardan foydalanish odamlar uchun noqulayligi va niqoblarni taqish qoidalariga rioya qilmaslikdan tortib niqoblarning tez namlanib qolishi va ularning samarasiz bo‘lib qolishigacha. Shu sababli, ushbu turdagi tadqiqotlarning har qanday natijalari tanqidiy nuqtai nazar bilan qabul qilinishi kerak.

Mato qanchalik qalin bo‘lsa, samarasi shu qadar yaxshiroq bo‘ladi (biroq har doim ham emas)

Matolarni tanlash bo‘yicha aniq tavsiyalar berish qiyin, chunki turli tadqiqotlarda, hatto shaklan bir xil matolar ham juda xilma-xil natijalar berdi.

Tadqiqotlarda aniq bir narsa qayta-qayta ko‘rsatiladi: iplarning zichligi qanchalik kuchli bo‘lsa, ya’ni har bir santimetr kvadrat uchun qancha ko‘p ip ishlatilgan bo‘lsa, mato shunchalik tomchilarni kam o‘tkazadi. Shu bilan birga, ushbu ko‘rsatkich matoning samaradorligiga qatlamlar sonidan ham ko‘proq ta’sir qiladi. Boshqacha qilib aytganda, qalin matolarning bir qatlamidan qilingan niqob, odatiy dokadan qilingan ikki qavatli niqobdan yaxshiroq, hatto bu ikki niqobdagi har bir kvadrat santimetrdagi iplar yig‘indisi bir xil bo‘lgan taqdirda ham.

Niqoblarda har kvadrat santimetrga 118 ip to‘g‘ri kelishi kerak.

Agar niqob tomchilarni yaxshi filtrlamasa, bunday niqob nafaqat yordam bermaydi, balki ahvolni yanada yomonlashtirishi ham mumkin. Kichik bir tadqiqotda shunday mato katta tomchilarni parchalagyotganligi ko‘rinadi. Natijada, umuman niqobsiz gaplashgandan ko‘ra ko‘proq tomchilar hosil bo‘lgan. Nazariy tomondan olib qarasa, bu holat jiddiy zarar yetkazishi mumkin, chunki kichikroq tomchilar havoda uzoqroq turadi, yerga tushmaydi va infeksiyaning potensial manbai bo‘lib qoladi.

Boshqa tomondan, agar mato juda qalin va undan nafas olish qiyin bo‘lsa, havo ochiq qolgan yon tomonlar orqali chiqishi mumkin va niqobning o‘zi tezda namlanadi va samarasiz bo‘lib qoladi. Niqob tikilgan matoning qanchalik qalinligini tekshirish uchun u orqali yorug‘likka boqib ko‘rish kerak — qanchalik zichroq bo‘lsa, u yorug‘likni shunchalik yomon o‘tkazadi.

Niqob tanlashda e’tiborga olish kerak bo‘lgan muhim jihatlardan yana biri — unda nafas chiqarish klapani bo‘lmasligi kerak. Matoli niqoblar atrofdagilarni virusni tarqatuvchi, biroq hali alomatlari sezilmayotgan odamdan himoya qilish uchun mo‘ljallangan. Nafas chiqarish klapani esa nafas chiqayotgan havoni filtrlamasdan o‘tishiga imkon beradi (shu tarzda nafas olish osonroq) va odam filtrlangan havoni yutishi uchun nafas olayotganda yopiladi.

Uyda niqob tayyorlash uchun tavsiyalar

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti qo‘lda tikilgan niqob kamida uch qatlamdan iborat bo‘lishini taklif qiladi:

  • yuzga eng yaqin qatlam namlikni yetarlicha yaxshi qabul qilishi kerak (masalan, u paxtadan bo‘lishi mumkin);
  • tashqi tomoni — aksincha (masalan, poliester);
  • o‘rtasi esa yuqoridagilardan biri bo‘lishi mumkin.

Amerika kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi kamida ikki qatlamli mato bo‘lgan niqoblardan foydalanish afzal deb hisoblaydi. Yuqorida tilga olingan sharh mualliflari paxta, muslin va flaneldan ko‘p qavatli niqoblar (kamida ikki qavat va eng yaxshisi uch yoki to‘rtta) tayyorlashni maslahat berishadi. Ammo shunday kombinatsiyani tanlash muhimki, bir muncha vaqt o‘tgach ham tinchgina nafas olish imkoni bo‘lsin. Yana esda tuting: odatdagi dokaning ikki qatlami qalin paxta matosidan samarasizroqdir.

Uy sharoitida tikilgan niqobda, masalan, oddiy simdan yasalgan metall ushlagichni ishlatish yaxshiroq hisoblanadi, shunda u burunga yopishib turadi. Niqob, odatda, mahkam o‘rnashishi kerak (lekin iplar orasidagi masofani ko‘paytirmaslik uchun tortilishi ham kerak emas). Agar niqob yaxshi taqilmasa, garchi estetik nuqtai nazardan hamma uchun ham mos kelmasada, niqob ustidan neylon paypoqni o‘tkazib olish tavsiya qilinadi.

Yuqorida tilga olingan sharh mualliflari ushbu saytda niqobni uy sharoitida tayyorlash bo‘yicha ko‘proq tavsiyalar berishadi. Maslahatlar, shuningdek, AQSH kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazining veb-saytida hamda Angliya jamoat salomatligi agentligining veb-saytida mavjud.

Niqobni to‘g‘ri parvarish qilish kerak

Matoli niqob siz uchun viruslar manbai bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik va samarali bo‘lishini ta’minlash uchun quyidagi qoidalarga rioya qilish tavsiya etiladi:

  • Agar niqob nam bo‘lib qolsa, uni almashtiring, demak, niqob ifloslangan yoki qandaydir sabab bilan undan nafas olish qiyinlashgan. Agar niqob nam yoki iflos bo‘lsa, uni yopiladigan polietilen paketga soling.
  • Agar niqob quruq va ko‘rinishi toza bo‘lsa, uni qog‘oz paketga yoki matoli sumkaga soling. Bu Amerika ko‘rsatmalari. JSST tavsiyasi — har doim niqobni plastik paketga soling.
  • Matoli niqoblarni agar u ifloslangan bo‘lsa, har kuni va tez-tez yuving. Yuvayotganda sovun yoki kukundan foydalaning. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining bu sohadagi tavsiyalari juda qat’iy: tashkilot niqoblarni 60 °C haroratda yuvish kerak deb hisoblaydi.
  • Agar niqobni bir muddat olib qo‘yish talab qilinsa, uni xavfsiz joyga (o‘sha qog‘oz paketga) — hech kim niqobga qarata tasodifan yo‘tala olmaydigan joyga qo‘yish kerak.
  • Niqobni taqishdan va yechishdan oldin/keyin qo‘llaringizni yuving. Va, albatta, bu jarayonda ko‘zingizga, burningizga va og‘zingizga tegmang.

Ammo shuni unutmasligimiz kerakki, niqoblar bu chora-tadbirlarning faqat bir qismidir va masalan, odam niqob taqsa ham, belgilangan bir-ikki metr masofani saqlash qoidalariga amal qilishi tavsiya etiladi.

Oldinroq «Gazeta.uz» Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga asoslanib, himoya niqoblaridan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha tavsiyalar bilan bo‘lishgan edi.