29-oktabr kuni bosh vazir Abdulla Aripov Mirzaobod, Oqoltin va Sardoba tumanlaridagi yangi qurilgan ko‘p kvartirali uylarga Sardoba texnogen ofatidan talofat ko‘rgan aholini tezroq ko‘chirib o‘tkazish masalalari bo‘yicha qilingan ishlarni o‘rganish maqsadida Sirdaryo viloyatiga bordi.

“Gazeta.uz” muxbiri ma’lum qilishicha, bosh vazir raisligida Mirzaobod, Oqoltin va Sardoba tumanlarida qurilgan yangi uylarga aholini ko‘chirish, aholini doimiy ish bilan ta’minlash yuzasidan tashkil etilgan ishchi guruhlar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi yig‘ilishi o‘tkazildi.

Foto: Abdullo Yodgorov / “Gazeta.uz”

Unda Abdulla Aripov eng muhim masala aholini rozi qilish va buning uchun kerakli barcha choralarni ko‘rish lozimligini qayd etdi. Shu bilan birga, ko‘p qavatli uylardan kimlarga kvartiralar ajratilishiga ham to‘xtalib o‘tilgan.

“Haqiqiy jabr chekib, uyini yuvib ketgan odamlargagina uylarni beramiz. Chunki bu soliq to‘lovchilarning ajratgan mablag‘i, davlat byudjetidan ajratilgan. Bu osmondan tushgan pul emas”, — dedi bosh vazir.

Yig‘ilishda ishchi guruhlar hozirga qadar amalga oshirgan ishlari yuzasidan hisobot berib, mahallalarni yanada rivojlantirish, aholini uy va ish bilan ta’minlash, “Xavfsiz mahalla” tizimini joriy etish bo‘yicha takliflar bildirishdi.

IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Berdialiyev.

Jumladan, IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Berdialiyev yangi qurilgan mahallada bir nafar profilaktika inspektori ishlayotgani, ularning sonini “Xavfsiz mahalla” tizimi faoliyatini to’liq ta’minlash maqsadida oshirishni taklif qildi. Unga ko‘ra, ikki nafar patrul-post xizmati xodimi va ikki nafar profilaktika inspektori yordamchisi ishini tashkil etish lozim. Bosh vazir ushbu masalani viloyat hokimligi bilan kelishilgan holda amalga oshirish bo‘yicha topshiriq berdi.

Bundan tashqari, hukumat rahbari odamlar, mahalla oqsoqollarining taklifiga binoan shu kabi shinam uylarni kredit asosida olish imkoniyati ham yaratilishini qayd etdi.

“Gazeta.uz” muxbirining aniqlik kiritishicha, Sardoba texnogen falokatidan jabr chekkanlarga kvartiralar bepul taqdim etilmoqda, bosh vazir ta’kidlagan ipoteka krediti asosidagi uylar endi bunyod etiladi. Qolaversa, Abdulla Aripov yig’ilishda ma’lumotlarni noto‘g‘ri talqin qilmaslik yoki aniqlik kiritmasdan axborot tarqatmaslikka chaqirgan.

“Prezidentimiz kuni kecha tasdiqlab berdilar, keyingi yildan respublika bo‘yicha eng kamida 400 ta xuddi shu tipdagi 5 qavatli uylardan quriladi. Imkoniyat bo‘lsa bundan ham ko‘proq quramiz, lekin kamida 400 ta bunyod etiladi”, — dedi Abdulla Aripov.

Hisobot davomida uylar qurilishi to‘liq yakunlangani, gaz, suv va elektr tarmoqlari ulangani, kanalizatsiya mavjudligi qayd etildi. Yangi uylar falokatdan jabr chekkanlarni ko‘chirib o‘tkazishga tayyor ekani aytildi.

Hukumat rahbari yig‘ilish so‘ngida vazirliklar, davlat idora va tashkilotlari, qolaversa, deputatlardan iborat ishchi guruhlarga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish, aholini “qur'a tashlash” yo‘li bilan, adolatli tarzda ko‘chirib o‘tkazish ishlarini boshlash bo‘yicha topshiriq berdi.