«Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida"gi qonunni haqli ravishda milliy qonunchilikning yutug‘i deb hisoblash mumkin, chunki ilk bor nogironlik ijtimoiy himoya yoki tibbiyot muammosi emas, balki birinchi navbatda inson huquqlari muammosi sifatida ta’rifланди. Asosiy yangiliklardan biri, bu — ilgari O‘zbekiston qonunchiligida bo‘lmagan «nogironlik belgisiga ko‘ra kamsitish» tushunchasidir.

Yangi qonun 28 ta nogironlik tashkilotlarini birlashtirgan O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi rahbarligida nogironlarning bevosita va faol ishtirokida ishlab chiqildi. Qonun asosi sifatida qonunning so‘nggi tahririga Assotsiatsiyaning loyihasi va nogironlarning 60 foizga yaqin takliflari kiritildi. Shunga qaramay, ilgari Assotsiatsiya tomonidan taklif qilingan ba’zi moddalar qonunga kiritilmadi. Eng muhim savol esa ochiqligicha qolmoqda: yangi qonun amalda o‘z kuchini ko‘rsata oladimi?

Takror nogironlikni noto‘g‘ri talqin qilish

Qonunda nogironlarning huquqlari to‘g‘risida gapirilishiga qaramay, nogironlikning ta’rifi hali ham inson huquqlari himoyasi yondashuviga asoslanmagan. Qonunda nogironlik insonlarning barqaror jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlariga tenglashtirilgan hamda ular jamiyat va davlatning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy hayotida boshqalar bilan teng ravishda to‘liq va samarali ishtirok etishlari uchun shart-sharoitlar yaratilishi, «ijtimoiy yordam va himoyaga» muhtoj shaxslar sifatida ta’riflanadi.

Biroq BMTning nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasida «nogironlik tadrijiy rivojlanib boruvchi tushuncha bo‘lib, tana funksiyalari buzilgan insonlarda munosabat va muhit bilan bog‘liq to‘siqlar orasidagi o‘zaro aloqa natijasida nogironlik holati yuzaga keladi. Bu to‘siqlar ushbu insonlarni jamiyat hayotida barcha bilan teng ravishda to‘laqonli va samarali ishtirok etishlariga yo‘l qo‘ymaydi» deb tan olingan.


Manba: Mualliflar illyustratsiyasi.

Nogironlikning sof tibbiy ta’rifi tibbiy va ijtimoiy ekspertizaning e’tiborini faqatgina «organizmining funksiyalari turg‘un buzilgani sababli hayot faoliyati cheklangani darajasini» aniqlashga qaratadi.

Nogironlikni tekshiruvdan o‘tkazishning bunday yondashuvi Ishlashning, nogironlikning va sog‘likni saqlashning xalqaro tasnifi (ICF) asosidagi biopsixosotsial (biopsixoijtimoiy) modeliga javob bermaydi. Boshqacha qilib aytganda, inson hayot faoliyatining cheklanganlik darajasi nafaqat sog‘liq holati, balki atrof-muhit omillari tufayli ham yuzaga keladi.

Kamsitishlardan himoyaлаniш huquqidan qanday foydalanish mumkin?

Yangi qonunning 6-moddasida nogironlik belgisiga ko‘ra kamsitilishga yo‘l qo‘ymaslik tamoyili aks ettirilgan:

«Nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan har qanday ajratib qo‘yish, istisno etish, chetlatish, cheklash yoki afzal ko‘rish holatlari, shuningdek nogironligi bo‘lgan shaxslarning ob’ektlar va xizmatlardan foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratishni rad etish taqiqlanadi».

Boshqacha qilib aytganda, masalan, davlat muassasasida yoki transportda zaruriy jismoniy muhit mavjud bo‘lmasa, u holda nogironlar qonun asosida erkin harakatlanish uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlamagan tashkilotni sudga berishlari mumkin. Ammo ular sudga murojaat qilishlari va adolatga erishishlari uchun ham shart-sharoitlar yaratilishi lozim.

Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyada odil sudlov huquqidan foydalanish to‘g‘risida 13-modda mavjud. Afsuski, Nogironlar Assotsiatsiyasi tomonidan taklif qilingan ayni o‘xshash modda yakuniy qonunga kiritilmadi. Biroq ushbu moddaning ayrim nizomlari kiritilgan. Masalan, yangi qonunning 28-moddasida eshitishi va nutqida nuqsoni bo‘lgan shaxslarga tergov harakatlarini amalga oshirishda yoki jinoyat, fuqarolik, ma’muriy va iqtisodiy ishlar bo‘yicha sud protsesslarida ishtirok etish chog‘ida imo-ishora tilida tarjima qilish xizmatlari ko‘rsatilishi kerakligi aytilgan. 29-moddada ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi odamlar foydalanadigan faksimil imzo (maxsus tayyorlangan shtamp)dan foydalanish huquqi belgilangan.

Biroq nogironlarning qonuniy huquqlarini amalda qo‘llashlari uchun odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini ta’minlashning o‘ziga xos mexanizmini ishlab chiqish zarur. Yaqinda nogironlar huquqlari bo‘yicha maxsus hisobotchi Katalina Devandas Agilar turli mamlakatlarda sudlar va huquqni muhofaza qilish idoralarida nogironlar uchun sharoitlar mavjud emasligini aytdi. Shu munosabat bilan BMT tomonidan «Nogironlar uchun odil sudlovga erishish bo‘yicha xalqaro tamoyillar va ko‘rsatmalar» ishlab chiqildi.

Sudyalar va advokatlarning mustaqilligi bo‘yicha maxsus hisobotchi Diyego Garsiya-Sayyan o‘tgan yili O‘zbekistonga qilgan ish tashrifi yakunlari bo‘yicha «nogironlarning boshqalar bilan teng ravishda odil sudlovga erishish huquqiga to‘sqinlik qiladigan yoki cheklaydigan me’moriy va lingvistik to‘siqlarni olib tashlash»ni tavsiya qildi. U o‘z hisobotida sud binolarining qisman yoki to‘liq kirish imkoniyati yo‘qligi, ayniqsa, asosiy shaharlar tashqarisida, imo-ishora tarjimonlarining yetishmasligi va sud hujjatlari sensor, intellektual yoki psixosotsial (psixoijtimoiy) nuqsonlari bo‘lgan shaxslar uchun mavjud formatlarda yetishmasligi yuzasidan tashvishlarini bildirdi.

Sudga murojaat qilish qo‘shimcha moliyaviy xarajatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Ammo nogironlar ushbu xarajatlarni ko‘tara oladilarmi? Natijada kamsitilishni his qilganlar «shamol tegirmonlari»ga qarshi cheklangan vaqtlarini, pullarini va kuchlarini behuda sarf qilmaslik uchun shunchaki bunga ko‘z yumishlari tayin. Agar sudlarda ham shart-sharoitlar va oqilona qulayliklar taqdim qilinmasa — unda ular nima ham qila olishardi?

Bundan tashqari, nogironlik belgisiga ko‘ra kamsitilishning ma’naviy zararini qanday baholash mumkin va uni kim qoplaydi? Nogironlarning huquqiy bilimlari va savodxonligining past darajasini inobatga olib, bu masalalarni barchasini yaxshilab o‘ylab chiqish kerak.

To‘siqsiz muhit — amalga oshmaydigan vazifami?

Avvalgi «nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunda «nogironlarning ijtimoiy infratuzilma ob’ektlariga to‘sqinliksiz kirishini ta’minlash, transport, transport kommunikatsiyalari, aloqa va axborotdan foydalanish bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaganligi uchun» ma’muriy javobgarlik ko‘zda tutilgan edi.

Ammo Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining ma’lumotlariga ko‘ra, «binolar va ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarining 85 foizi nogironlar foydalanishi uchun moslashtirilmagan». Poytaxt transport infratuzilmasi nogironlar harakatlanishi uchun moslashtirilmagan ekan, viloyatlardagi ahvol haqida gapirmasa ham bo‘ladi.

Yangi qonun ushbu achinarli holatni o‘zgartira oladimi? Qonunlarda to‘siqsiz muhitni yaratish zarurligini belgilab qayta-qayta yozilmasin, qulay muhitni ta’minlashning aniq mexanizmlarini joriy qilmasdan vaziyatni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Afsuski, qonunga nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasida aks ettirilgan «universal dizayn» tushunchasi kiritilmadi, ya’ni:

«barcha odamlar uchun moslashtirish yoki maxsus dizaynni talab etmaydigan holda eng yuqori imkoniyat darajasida yaroqli qilishga da’vat etilgan buyumlar, sharoit, dastur va hizmatlar dizaynini anglatadi. „Universal dizayn“ zarurat bo‘lganda aniq bir nogironlar uchun assistiv qurilmalarni istisno etmaydi».

Yangi qonunning 23-moddasi davlat qabul komissiyasiga nogironlar jamoat tashkilotlari vakillarini kiritgan holda ijtimoiy, maishiy va madaniy maqsadlardagi qurilish va rekonstruksiya qilingan ob’ektlarni foydalanishga topshirishni amalga oshirishni majbur qiladi.

Shu munosabat bilan, «Jamotchilik nazorati to‘g‘risida«gi va «Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida«gi qonunlar asosida nafaqat qabul qilishda, balki ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarini loyihalashda ham nogironlar NNTlari imkoniyatlarini kuchaytirish va faol jalb qilish zarur. Imkoniyat bo‘lsa, ushbu jarayonlarda nogironligi bo‘lgan shaxslarning barcha toifalari ishtirok etishi muhim, chunki ularga turli xil shart-sharoitlar yaratilishi kerak.

Imo-ishora tili mavqei va subtitrlar

Yangi qonunga binoan, davlat qulay formatlarda axborot olinishini kafolatlaydi. Davlat telekanallari yangiliklar uzatilishini imo-ishora tarjimasi yoki subtitr bilan ta’minlashi kerak.

Qonun 2021 yil 16 yanvarda kuchga kirgunga qadar, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi milliy telekanallarda subtitrlarni kiritish uchun o‘zbek nutqini avtomatik ravishda tanib olish texnologiyasini ishlab chiqa boshlasa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Imo-ishora tarjimonlarining soni cheklangan bir vaqtda subtitrlar kar va zaif eshituvchi insonlar uchun ma’lumotga ega bo‘lish imkoniyatini yaratib, ularning savodxonligini oshirishi mumkin. Shu bilan birga, ko‘rsatuvlarni uzatish faqat yangiliklar dasturlari bilan cheklanib qolmaydi.

Afsuski, imo-ishora tili oldingi «Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida"gi qonundagi kabi yangi qonunda ham faqat «shaxslararo muloqot vositasi» bo‘lib qoldi. Davlatning imo-ishora tilini rivojlantirish va undan foydalanishda amaliy yordami unga davlat tili maqomini berishdir, zero bu tilda eshitishda nuqsoni bo‘lgan insonlar ta’lim olish imkoniga ega bo‘ladilar. Shu sababli, Vazirlar Mahkamasining «Imo-ishora tili maqomi to‘g‘risida"gi qarori loyihasini ishlab chiqish zarur, bu O‘zbekistonda imo-ishora tilini joriy etish va rivojlantirish mexanizmini belgilab beradi.

Inklyuziv ta’lim olish huquqini amalga oshirishning mavhum mexanizmi

Qonunning 38-moddasida hayoti davomida maktabgacha ta’limdan tortib, oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limgacha «Davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarning inklyuziv ta’limini rivojlantirishni, ularning ta’lim olishi va kasbiy tayyorgarlikdan, qayta tayyorlashdan va malaka oshirishdan o‘tishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini kafolatlaydi» deb ko‘rsatilgan. Biroq inklyuziv ta’lim olish huquqini amalga oshirish mexanizmi noaniq bo‘lib qolmoqda. Shuning uchun «Inklyuziv ta’lim to‘g‘risida"gi alohida normativ hujjatni qabul qilish talab etiladi.

«Ta’lim to‘g‘risida"gi qonunning yangi tahririda inklyuziv ta’limni belgilovchi 20-modda kiritildi. Ammo qonunda «inklyuziv ta’limni tashkil etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi» deyilgan. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, bunday tartib hali ishlab chiqilmagan.

Asosiy muammo shundaki, «sohaga oid shifokorlar tavsiyalari» ta’lim muassasalarida nogiron bolalar va kattalarning «o‘qish qobiliyati» yoki aksini aniqlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb qilishi mumkin. Shifokorlarning tavsiyalari ko‘pincha maslahat emas, balki imperativ hususiyatga ega bo‘lib, bu inklyuziv ta’lim huquqini amalga oshirishga to‘sqinlik qiladi.

Ish bilan ta’minlash kvotalari foyda беradими?

Oldingi qonunda bo‘lgani kabi, yangi qonunda ham mahalliy davlat hokimiyati organlarining nogironlarni ish bilan ta’minlash uchun ishchilar umumiy sonining kamida 3% miqdorida ish joylarining minimal miqdorini belgilash vakolatlari saqlanib қолинди.

«Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida"gi qonun oldin ham davlat hokimiyati organlarini 20 kishidan ortiq ishchilari bo‘lgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning ishchilar sonining kamida 3% miqdorida ish joylarini kvotalashtirishga majbur qilgandi.

Ish bilan ta’minlash kvotalari nogironlar foydasiga ishlaydimi? Javob aniq deb o‘ylaymiz. Birlashgan Millatlar Tashkilotining nogironlar ahvoli bo‘yicha vaziyat tahliliga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tgan nogironlarning atigi 7 foizigina rasmiy ravishda ish bilan ta’minlangan. Shu bilan birga, boshqa manbalarga ko‘ra, nogironlarning atigi 2 foizi ish bilan ta’minlangan. Mehnat kvotalarining samarasizligi sababi qonunchilik ijrosining qoniqarsiz monitoringida bo‘lishi mumkin.

3 foizli kvotani bajarmaganlik uchun jarimalarni undirish vakolatiga ega bo‘lgan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi qonunlarga rioya etilish holatlarini tegishli darajada nazorat qilmayapti. Agar «qamchi» usuli kutilgan natijani bermayotgan bo‘lsa, ehtimol «qand» usulini sinab ko‘rish, davlat idoralari va xususiy sektorni nogironlarni ish bilan ta’minlashga ko‘proq undash kerakdir?

Aholini ish bilan ta’minlash muammosiga muqobil yechim sifatida mahalliy davlat hokimiyati organlari va korxonalari nogironlar jamoat birlashmalari qoshidagi ixtisoslashgan korxonalarga, shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlikni amalga oshiradigan nogironlarga turar-joy bo‘lmagan ko‘chmas mulk ob’ektlarini, yer uchastkalarini imtiyozli shartlarda berishni taklif qilishi mumkin. Ammo, afsuski, Assotsiatsiyaning ushbu taklifi ham qonunga kiritilmadi.

Munosib turmush darajasi va ijtimoiy himoya qanday ta’minlanadi?

Shuningdek, qonunga nogironlarni va ularning oilalari sog‘lig‘i va farovonligini saqlash uchun oziq-ovqat, kiyim-kechak, uy-joy, bepul tibbiy xizmat va zarur ijtimoiy xizmatlarga bo‘lgan asosiy ehtiyojlarini inobatga olgan holda ularni yetarli darajada turmush darajasi bilan ta’minlashga oid moddalar kiritilmagan.

Asosiy masala ijtimoiy nafaqa va nogironlik bo‘yicha to‘lovlar miqdori bo‘lib, ularning kun kechirish uchun zarur miqdordan pastroq belgilanishi mumkin emas. Bu O‘zbekiston Konstitutsiyasida ham mustahkamlangan.

Biroq, kun kechirish uchun zarur miqdor va iste’mol savatchasining rasmiy hajmi hali tasdiqlanmagan. Inflyatsiya darajasidan kelib chiqqan holda har yili nogiron bolalar va kattalarga, shuningdek ularning vasiylariga to‘lanadigan nafaqalarni har yili muvofiq darajada indeksatsiya qilish zarur.

Statistika ma’lumotlarini yig‘ish noaniqligicha qolmoqda

Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning 31-moddasida nogironlik bo‘yicha tegishli statistik ma’lumotlar va tadqiqot ma’lumotlarini yig‘ish nazarda tutilgan. Nogironlar assotsiatsiyasi tomonidan taklif qilingan statistik ma’lumotlarni yig‘ish bo‘yicha shunga o‘xshash modda ham qonunning so‘nggi versiyasiga kiritilmadi.

Qonun chiqaruvchilar buni 2018 yil 22 martda Vazirlar Mahkamasining «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni statistik hisobga olish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida"gi alohida qarori qabul qilingani bilan asosladilar. Mazkur qaror amalda aynan qanday amalga oshirilayotgani noaniqligicha qolmoqda. Nogironlik bo‘yicha mavjud statistik ma’lumotlar kamligicha qolmoqda va nogironlar hayotini to‘liq aks ettirmaydi.

Nogironlik bo‘yicha ochiq statistika Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)larga erishish jarayonini kuzatish uchun juda muhimdir. Nogironlik masalalari beshta maqsadga kiritilgan, jumladan qashshoqlikni bartaraf qilish, sog‘liq va farovonlik, gender tenglik, tengsizlikni kamaytirish, shuningdek, barqaror shaharlarni va aholi punktlarini rivojlantirish.

Nogironlarni ijtimoiy muhofaza qilish va ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini samarali monitoring qilish uchun davlat muntazam ravishda nogironlar hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi statistik ma’lumotlarni to‘plashni tashkil etishi va o‘tkazishi kerak.

Bunday ma’lumotlarni muntazam ravishda tahlil qilish dolzarb muammolarni aniqlashga, turli guruhdagi nogironlar holatini baholashga va jismoniy muhitga kirish uchun sharoitlar mavjudligini alohida qayd etishga imkon beradi.

Nogironlarning hayotiy faoliyati to‘g‘risidagi keng qamrovli statistik ma’lumotlar quyidagilarni o‘z ichiga olishi kerak: jinsi, yoshi, yashash joyi, nogironlik guruhi, ma’lumoti, bandligi, uy-joy ehtiyojlari va uy-joy sharoitlarining yaxshilanishi, transport va reabilitatsiya vositalari, sport, ijtimoiy, siyosiy va madaniy hayot, shuningdek, hayotning boshqa sohalari.

Huquqlarni amalda qo‘llash mexanizmlari kerak

«Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida"gi yangi qonunning tahlili qonun BMTning nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qoidalariga to‘liq mos kelmasligini ko‘rsatdi. Nogironlik ta’rifi hanuzgacha tibbiy xarakterga ega, bu nogironlikka ta’rif berishning inson huquqlari himoyasi yondashuviga asoslangan xalqaro standartlarga ziddir.

Yangi qonunda «universal dizayn», nogironlik bo‘yicha ma’lumotlar yig‘ish va nogironlik statistikasini yuritish kabi muhim tushunchalar chiqarib tashlangan, imo-ishora tili maqomi bo‘yicha davlat tili bilan to‘laqonli tilga tenglashtirilmagan. Shubhasiz, konvensiya ratifikatsiya qilingandan so‘ng, mazkur qonunni konvensiya qoidalariga muvofiqlashtirish muammosi tug‘iladi.

Qonunning ishlashi uchun nogironlarning o‘zlari va ularning vasiylarining huquqiy savodxonligi va ongini oshirish juda zarur. Bunga Adliya vazirligi tomonidan tashkil etilgan «Madad» nodavlat notijorat tashkilotining maslahat byurolari tarmog‘i orqali yuridik xizmatlar va amaliy huquqiy yordamlardan foydalangan holda erishish mumkin.

Shuningdek, nogironlarning, ayniqsa, chekka hududlarda nogironlarning huquqiy ongini oshirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish uchun nogironlar NTTlarining tashkiliy salohiyatini kuchaytirish va moliyalashtirishni ta’minlash zarur.

Eng muhimi, biz nogironlarning kamsitilishlardan himoya qilish huquqlarini amalga oshirishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqishimiz kerak; nogironlarning nodavlat notijorat tashkilotlari bilan qurilish loyihalarini atrof-muhitga qulaylik va universal dizayn tamoyillariga javob berishini muvofiqlashtirish; sifatli ta’lim va munosib ish o‘rinlari, shuningdek, munosib turmush darajasini bilan ta’minlashimiz zarur.

Mualliflarning fikri tahririyat fikrlari bilan mos kelmasligi mumkin.

Oybek Isoqov — huquqshunos, respublika bo‘ylab 28 ta nogironlarning jamoat tashkilotlarini birlashtirgan soyabon tashkilot — O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi raisi.

Dilmurod Yusupov — Sasseks universiteti (Buyuk Britaniya) Taraqqiyot tadqiqotlari instituti doktoranti — inklyuziv rivojlanish va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar masalalari bo‘yicha tadqiqotchi.