Markaziy bank nima uchun O‘zbekiston Markaziy Osiyoda PayPal xalqaro to‘lov tizimi kirib kelmagan yagona davlat bo‘lib qolayotganini tushuntirdi.

«Hozirgi kunda „PayPal“ to‘lov tizimida elektron hamyonlarni O‘zbekiston hududida muomalaga chiqarilgan bank kartalarini biriktirgan holda pul mablag‘lari bilan to‘ldirish imkoniyati mavjud emas. Mazkur cheklovni ushbu to‘lov tizimi O‘zbekistonda biror davlat organi yoki boshqa tashkilot bilan kelishmagan, muhokama qilmagan holda mustaqil ravishda o‘rnatgan», — deyiladi Markaziy bank xabarida.

Shuningdek, xabarga ko‘ra, prezidentning 2018 yil 14 maydagi «Elektron tijoratni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ-3724-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan PayPal kompaniyasi bilan o‘tkazilgan dastlabki muzokaralarda kompaniya yaqin kelajakda mazkur tizimni O‘zbekistonda joriy etishni rejalashtirmaganini bildirgan.

Shu bilan birga, Markaziy bank respublika banklari tomonidan muomalaga chiqarilayotgan Visa, MasterCard, UnionPay yoki MIR kartalarini xorijdagi elektron hamyonlarga biriktirish yuzasidan hech qanday cheklov o‘rnatmaganini bildirmoqda.

Mahalliy dasturchilarning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, elektron platformalarning ko‘pchiligi, xususan, eng yirik Google PlayMarket yoki Apple AppStore ilovalar do‘koni tomonidan o‘zbekistonlik dasturchilarga to‘lovlar bank kartalari yoki odatiy bank pul o‘tkazmalari orqali hech qanday muammolarsiz to‘lab berilmoqda.

Biroq ayrim ixtisoslashgan platformalarda, xususan, Upwork, Fiverr yoki o‘yin tokenlari sotiladigan Envato, Storyblocks va shunga o‘xshash tizimlarda to‘lovlar faqat PayPal to‘lov tizimi orqali amalga oshirilishi mumkin.

Markaziy bank yechim sifatida, internet orqali onlayn to‘lovlarni amalga oshirishda respublika tijorat banklari tomonidan Visa, Mastercard, Unionpay xalqaro to‘lov tizimlari bilan o‘zaro kelishuv asosida muomalaga chiqarilayotgan chet el valyutasidagi bank kartalaridan, shuningdek, muqobil elektron hamyonlar — WebMoney, QIWI, Yandeks.Dengi xizmatlaridan foydalanishni masalahat berdi.

Shu bilan birga, OSON va SLICK elektron pullar tizimi operatorlari tomonidan PayPal tashkiloti bilan o‘zaro hamkorlik yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, PayPal — bu xalqaro to‘lov tizimi bo‘lib, AQSHning PayPal Holdings Inc kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan. Tashkiliy-huquqiy shakli jihatidan ochiq aksiyadorlik jamiyati hisoblanadi va aksiyalari NASDAQ birjasida savdo qilinadi. PayPal to‘lov tizimi O‘zbekistonda tegishli bo‘linma ochib, milliy valyuta — so‘mda to‘lovlar va amaliyotlarni amalga oshirmoqchi bo‘lsa, u holda amaldagi qonunchilikka ko‘ra, kompaniya Markaziy bankdan tegishli litsenziya olishi va o‘rnatilgan tartibda nazorat va kuzatuv ostida bo‘lishi talab qilinadi.