28 oktyabrdan 29 oktyabrga o‘tar kechasi O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Omon Matjon Toshkentda vafot etdi deb xabar berdi Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati.

Omon Matjon 1943 yili Xorazm viloyatining Gurlan tumanida tavallud topgan. O‘rta maktabni tugatgach, Samarqand davlat universitetida tahsil oldi. 1969−2002-yillar mobaynida G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida muharrir, bo‘lim boshlig‘i, «Yoshlik» jurnalida bosh muharrir, «Cho‘lpon» nashriyotida direktor bo‘lib ishladi.

Omon Matjon ijodida «Cho‘ldagilar» doston xronikasi, «Gaplashadigan vaqtlar» she’riy qissasi alohida o‘rin egallaydi. Ular o‘zining yangicha shakli, ohangi bilan kitobxon e’tiborini tortadi.

Shoirning 2000 yili «Avesto»ning 2700 yilligiga bag‘ishlangan «Ardaxiva» asari chop etildi.

Omon Matjon chet el adabiyotidan ko‘plab namunalarni o‘zbek tiliga o‘girgan. Xususan, F.Shiller, Sh. Bodler kabi jahon klassiklari, Ye.Yevtushenko, R.Hamzatov, Sh. Petefi, Yu.Marsinkyavichyus, B.Kerboboyev, Suxrob Tohir, I.Yusupov singari shoir va adiblar ijodidan qilgan tarjimalari mavjud.