Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati hozirgi paytda ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida islom diniga xos bo‘lmagan radikal, diniy ekstremistik g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi turli materiallar tarqatilayotganini ta’kidladi.

«Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga turli radikal, diniy ekstremistik va islom diniga yot bo‘lgan g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi ma’lumotlarni tayyorlash, saqlash va tarqatish Jinoyat kodeksining 156-modda (milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish), 244-modda 3-bandi (diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) larida belgilangan javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘lishi haqida ogohlantiramiz», — deyiladi IIV bayonotida.

Shuningdek, vazirlik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, jumladan jurnalistlar va bloggerlarni ma’lumotni ommaga taqdim etishdan oldin tekshirishga chaqirdi.

Murojaatga Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) direktori Asadjon Xo‘jayev ham qo‘shildi.

«Hozirda ijtimoiy tarmoqlarda dinlararo adovat, nafrat va murosasizlikni qo‘zg‘atishga qaratilgan turli xil foto va video materiallar faol ravishda tarqatilmoqda», — deya yozdi agentlik rahbari Facebook sahifasida.

«Ba’zi bir fuqarolarimiz ushbu foto va videomateriallarni ko‘plab boshqa foydalanuvchilar ko‘rish imkoniga ega bo‘lgan guruhlarda yoki o‘z sahifalarida joylashtirishmoqda», — deya qo‘shimcha qildi u.

Asadjon Xo‘jayev bunday fuqarolar o‘zlari bilmagan holda qonun bilan taqiqlangan ma’lumotni tarqatishning bilvosita ishtirokchisiga aylanishlarini va taqiqlangan ma’lumotlarni tarqatish uchun javobgarlikka tortilishi mumkinligini ta’kidladi.

Shuni ta’kidlash kerakki, Ichki ishlar vazirligi ham, AOKA direktori ham gap qanday materiallar haqida ketayotganini aniqlashtirishmadi.