Epidemiya tarqalishi keskin ko‘paygani sababli Fransiya hukumati 30 oktyabrdan 1 dekabrgacha umummilliy karantin joriy qildi. Chorshanba kuni bu haqda prezident Emmanuel Makron maxsus telemurojaatida e’lon qildi, deb habar bermoqda Euronews.

Fuqarolardan faqat asosiy iste’mol mahsulotlarini xarid qilish, ish joylariga va yaqinlarni ko‘rgani borish uchungina uylarni tark etish so‘ralmoqda. Bahorgi karantindan farqli o‘laroq, bolalar bog‘chalari va maktablar yopilmaydi. Universitet talabalariga masofaviy ta’limni imkoniyat darajasida tashkil etish taklifi beriladi. Qarindoshlardan xabar olib turish uchun qariyalar uylari ham sanitariya choralariga qat’iy rioya qilgan holda ochiq bo‘lishi aytilmoqda. Asosiy ehtiyojlar ro‘yxatida bo‘lmagan restoran, bar va savdo markazlari yopiladi.

«Yevropada barchamizni koronavirus larzaga soldi. Ispaniya, Irlandiya, Niderlandiya kabi mamlakatlar bizdan oldin karantin choralarini kuchaytirdi. Biroq, baribir, barchamiz yana bir ahvolga keldik: yanada yirik va o‘lim holatlarini kuchaytiradigan koronavirusning ikkinchi to‘lqiniga duchor bo‘ldik», — deb Euronews Emmanuel Makronning so‘zlarini keltirmoqda.

«Iqtisodiyot to‘xtamasligi, tanazzulga uchramasligi kerak», — deb ta’kidlab o‘tdi Fransiya rahbari. Shu sababli davlat muassasalari, zavod va qishloq xo‘jaligi tashkilotlari ishlashda davom etadi.

Germaniyada 2 noyabrdan oyning oxirigacha yengil variantdagi lokdaun joriy qilinadi, deb yozmoqda Euronews. Bu hakda Germaniya kansleri Angela Merkel chorshanba kuni e’lon qildi.

Choralar asosan maksimal darajada odamlar o‘rtasidagi muloqotni cheklab, virusning keng tarqalishining oldini olishga qaratilgan, maktab va bolalar bog‘chalari ochiq bo‘ladi, deb ta’kidlaydi Germaniya rahbari.

Oy davomida restoran, pab, kinoteatrlar, savdo yarmarkalari, teatr va fitness-markazlari yopiladi. Barcha sport tadbirlari, xususan futbol ham, yopiq eshiklar ortida o‘tkaziladi, havaskorlarning mashg‘ulotlari esa — ta’qiqlanadi.

Do‘konlar 10 kv. m ga bitta xaridor bo‘lishi kerakligi talabiga asosan ochiq bo‘ladi. Odamlar uydan tashqari eng ko‘pi bilan 10 kishidan yig‘ilishiga ruxsat bor.

Germaniya pandemiya sababli moliyaviy zarar ko‘rganlarga 10 mlrd yevroni favqulodda qo‘shimcha yordam sifatida ajratadi, deb aniqlik kiritdi Euronews.