28 oktyabr kuni prezident yashirin iqtisodiyotni kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Oktyabr oyining boshida muhokamaga qo‘yilgan ushbu hujjat loyihasida jismoniy shaxslarga yakka tartibdagi tadbirkor sifatida taksi xizmatini ko‘rsatishga ruxsat berilishi taklif qilingan edi. Biroq ushbu band hujjatning imzolangan tahririga kiritilmadi.

O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga yo‘lovchilarni tashish uchun ruxsat berish shartlaridan biri yo‘nalishsiz taksilarga mijozlarni topish uchun interaktiv xizmat ko‘rsatuvchi ixtisoslashtirilgan elektron agregatorlarida majburiy ro‘yxatdan o‘tish bo‘lishi mumkin edi.

Moliya vazirligi matbuot xizmatining «Gazete.uz»ga xabar berishicha, hozirda o‘zini o‘zi band qilgan taksi haydovchilari uchun yangi ish mexanizmi ishlab chiqilmoqda. Unga ko‘ra, ular ro‘yxatdan nafaqat agregatorlar, balki boshqa usuldan ham o‘tishlari mumkin bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda jismoniy shaxslarga taksi xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat berish uch yildan beri rejalashtirilmoqda. 2017 yilning o‘zida sobiq moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov bu haqda gapirgan edi, ammo uning o‘rinbosari Axadbek Haydarov «biz bunga tayyor emasmiz» dedi.

2018 yil bahorida yakka tartibdagi tadbirkorlarga taksi xizmati ko‘rsatishga ruxsat berish, shuningdek yo‘nalishli taksilarga kassa apparatlari va radioaloqa vositalarni o‘rnatish talablarini bekor qilishni nazarda tutuvchi prezident farmoni loyihasi ishlab chiqilgan edi. Biroq ushbu takliflar ham davlat rahbari tomonidan imzolangan farmonning yakuniy versiyasiga kiritilman.

2019 yil bahorida yakka tartibdagi tadbirkorlarga taksi xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat berilishi mumkinligi ma’lum bo‘lgan edi. jismoniy shaxslarga yakka tartibdagi tadbirkor sifatida yo‘nalishli taksilarda yo‘lovchi tashish bo‘yicha xizmat ko‘rsatishga ruxsat berish taklif qilingandi, biroq oxir-oqibat loyiha qabul qilinmadi.