Vazirlar Mahkamasining «Kunlik mehnat markazlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

Loyihaga ko‘ra, Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari filiali hisoblanmish Vaqtinchalik bir martalik ish bilan ta’minlash byurolarini Kunlik mehnat markazlari sifatida qayta tashkil ko‘zda tutilgan.

Kunlik mehnat markazlarining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanmoqda:

  • vaqtinchalik bir martalik ishlarga yollanishda ro‘yxatga olingan fuqarolarga xizmatlar ko‘rsatish;
  • fuqarolarni ishga yollashda ish beruvchi jismoniy va yuridik shaxslarga xizmatlar ko‘rsatish, jumladan, buyurtmalar olish;
  • fuqarolarni o‘zini o‘zi band qilgan sifatida ro‘yxatdan o‘tishi va elektron (qog‘oz) shakldagi ma’lumotnoma olishiga shart-sharoit yaratish;
  • fuqarolarni o‘z xohishiga ko‘ra amalga oshirayotgan faoliyat turlari (xizmatlar) reklama shaklida OAVlari, jumladan, internet orqali bepul e’lon qilish;
  • vakant ish o‘rinlari to‘g‘risida ma’lumot berib borish va doimiy ishga joylashtirish;
  • ishchilarga mehnat qurollari (payvandlash apparatlari, perforatorlar, o‘simliklarga ishlov berish qurilmalari, duradgorlik, chilangarlik va qurilish uskunalari va hokazolarni), shaxsiy himoya vositalari va maxsus kiyimlarni ijaraga berish;
  • jamoat tartibini saqlash, ishchilarning haq-huquqlarini himoya qilish va ular tomonidan qonunchilikni buzish holatlarini oldini olish.

Hujjat loyihasida Kunlik mehnat markazida tuman (shahar) Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi direktori tomonidan tayinlanadigan 2 nafar ishga joylashtirish mutaxassislari faoliyat yuritishi qayd etilmoqda.

Shuningdek, tuman (shahar) Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi direktorining o‘rinbosari bir vaqtning o‘zida hududdagi Kunlik mehnat markazining rahbari bo‘lishi ta’kidlanmoqda.

Bundan tashqari, «Mening ishim» buyurtmalar birjasi onlayn-maydonini ishga tushurish taklif etilmoqda.

Mazkur birjada o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarning faoliyat turlari to‘g‘risida hamda buyurtma beruvchilar haqida ma’lumotlar e’lon qilib boriladi. Shuningdek, xizmat va ishlarni reklama qilish, korxonalar o‘rtasida kunlik va uzoq muddatli oferta shartnomasini tuzish, qolaversa, smartfonlar, planshetlar va boshqa mobil qurilmalarda ishlashga mo‘ljallangan mobil ilova yaratiladi.

Bir martalik ishlar to‘g‘risidagi kunlik ma’lumotlar va o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarning faoliyat turlari (xizmatlari, ishlari) to‘g‘risidagi e’lonlar «Mening ishim» buyurtmalar birjasi onlayn maydoni orqali bepul e’lon qilinadi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan taklif etilayotgan qaror loyihasi muhokamasi 11 noyabrga qadar davom etadi.