1 oktyabrdan boshlab to‘yxonalarda to‘y va boshqa marosimlarni o‘tkazishga ruxsat berilgan. Bu haqda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Botir Qurbonov 28 oktyabr kuni brifingda ma’lum qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 30 sentyabrdagi yig‘ilish bayoniga asosan karantin choralarini yumshatish munosabati bilan 2020 yil 1 oktyabrdan to‘yxonalar faoliyatiga ruxsat etilgan.

Bunda, to‘yxonalar oilaviy tantana, to‘y, ma’raka va marosimlarni o‘tkazish 30 kishidan ko‘p bo‘lmagan (faqat yaqin qarindoshlar va ushbu tuman hududida istiqomat qiluvchi boshqa qarindoshlar) hamda sanitariya va gigiyena talablariga qat’iy rioya etgan holda o‘tkazilishi belgilangan.

«Koronavirus infeksiyasining kirib kelishi va tarqalib ketishining oldini olish bo‘yicha Respublika Maxsus komissiyasining 2020 yil 30 sentyabrdagi yig‘ilish bayoniga asosan karantin choralarini yumshatish munosabati bilan 1 oktyabrdan to‘yxonalar faoliyatiga ruxsat etilgan», — dedi Botir Qurbonov. Uning ta’kidlashicha, bunda «barcha imkoniyatlarni ishga solgan holda 100−200 kishiga emas, chegaralangan holda 30 kishiga uy sharoitida qilingan to‘yni to‘yxonalarda o‘tkazishga ruxsat berilgan».

«Unda yaqin qarindoshlari, uzoq tumanlar yoki boshqa hududlardan mehmon chaqirilmagan holda yaqin qarindoshlari ishtirokida to‘yxonalarda tug‘ilgan kun, to‘y, ma’raka va boshqa marosimlarni o‘tkazishga ruxsat berildi. Uniyam uzoq yarim tungacha emas, koronavirus infeksiyasining aholi o‘rtasida tarqalib ketishining oldini olish maqsadida chegaralangan vaqtda ruxsat etildi», — dedi u, biroq «chegaralangan vaqt» aynan qaysi vaqt oralig‘ini qamrab olishiga aniqlik kiritmadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasi sababli 23 martdan 1 iyungacha, shuningdek, 10 iyuldan 15 avgustgacha to‘y va boshqa oilaviy marosimlarni o‘tkazish taqiqlangan edi. 15 avgustdan boshlab oilaviy tantana, to‘y, ma’raka va marosimlarni fuqarolarning uy-joyi va hovlisining o‘zida 30 kishidan ko‘p bo‘lmagan (faqat yaqin qarindoshlar va ushbu tuman hududida istiqomat qiluvchi boshqa qarindoshlar) hamda sanitariya va gigiyena talablariga qat’iy rioya etgan holda o‘tkazishga ruxsat berilgan.