Avvalroq prezidentning «Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va soliq organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilingani haqda xabar bergandik.

Unga muvofiq, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha Maxsus komissiya tashkil etiladi. Uning ichki organi sifatida Moliya vazirligi belgilanadi. Hududlarda esa hokimlar boshchiligidagi hududiy komissiyalar tuziladi. Bunda yashirin iqtisodiyot «ko‘p vektorli» tusga ega ekani, ko‘plab vazirlik va idoralarning ishtiroki talab etilishi e’tiborga olingan.

Maxsus komissiyaga Jahon banki va boshqa xalqaro institutlar bilan hamkorlikda Yashirin iqtisodiyotning oldini olish va unga qarshi kurashish strategiyasini, Markaziy bankka esa naqdsiz hisob-kitob tizimini rivojlantirishning uzoq muddatli strategiyasini ishlab chiqish yuklatilmoqda.

Prezident farmonida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishga keng jamoatchilik, NNT va OAVni jalb qilish, jamiyatda murosasizlik hissini shakllantirish, legal biznes yuritishning nufuzini oshirish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini jadallashtirish maqsad qilingan. Bu bo‘yicha alohida «Media-reja» ishlab chiqiladi.

Farmon ijrosi quyidagi tartibda tashkil etiladi:

  • yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha Maxsus komissiya va hududiy komissiyalar tuziladi, ko‘rsatilgan choralar ijrosining borishi yig‘ilishlarda har hafta ko‘rib chiqiladi.
  • vazirlik va idoralarning yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishdagi faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»da nazarda tutilgan choralar so‘zsiz bajariladi;
  • yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishda ishtirok etayotgan vazirlik va idoralar o‘rtasida turli darajalarda yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yiladi;

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va Hisob palatasi rahbarlari hududlarga chiqib, hududiy komissiyalarning samarali faoliyatini tashkil etadi.

Bundan tashqari, Xalq ta’limi vazirligi, Transport vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, «Hududgazta’minot», «Hududiy elektr tarmoqlari», «O‘zsuvta’minot» aksiyadorlik jamiyatlari tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha samarali ichki nazorat (komplayens-nazorat) tizimini joriy qilandi.

Markazlashgan moliyalashtirish manbalari hisobidan amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini majburiy o‘tkazish tartibi joriy qilinadi. Bu to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritiladi.

Davlat organlarida, shu jumladan hududlarda korrupsiya darajasini reyting baholash metodikasini ishlab chiqish, shuningdek, reyting natijalarini davriy e’lon qilish hamda rahbarlarining shaxsiy javobgarligini baholash tizimi joriy qilinadi.

Reyting korrupsiyaga eng moyil bo‘lgan idoralar monitoringini amalga oshirish imkonini berishi, qolaversa, rahbarlarning shaxsiy mas’uliyatini oshirish nazarda tutilgan.

Farmonda turli vazirlik va idoralarning yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashgan faoliyatini ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.