Prezident «Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va soliq organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda «Gazeta.uz»ning hukumatdagi manbasi xabar qilmoqda.

Hujjatga muvofiq, qurilish korxonalariga ishchilarni ularga ish haqini naqd pulda to‘lash huquqi bilan shartnoma tuzmasdan yollashga muddatli ravishda ruxsat berilmoqda. Bunda naqd pul mehnatga haq to‘lash fondining 10 foizidan oshmasligi, ishchilarni ijtimoiy himoya qilish kafolatlari saqlab qolinishi lozim.

Farmon bilan biznesning «soyadan» chiqishini rag‘batlantirish, soliq rejimini soddalashtirish hamda naqdsiz to‘lovlarni kengaytirish uchun shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Umumiy ovqatlanish shahobchalariga bank kartalari va kontaktsiz to‘lovlar orqali jismoniy shaxslardan olgan daromadlari umumiy daromadga kiritilmaydi. Bunda umum belgilangan soliqlarni to‘lashga majburiy tartibda o‘tish ko‘zlangan.

Xabaringiz bor, 2021 yil 1 yanvardan rieltorlik faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma olish talabi bekor qilingan edi. Endilikda aylanmadan olinadigan soliq stavkasi ham 25 foizdan 13 foizgacha pasaytirilmoqda.

Bundan tashqari, onlayn kassa cheklarida aks etgan QR kodi asosida sovrinli o‘yinlarni o‘tkazish eksperimenti 2020 yilda butun respublika bo‘yicha amalga oshiriladi.

Ma’lumot o‘rnida, hozirga qadar Toshkent shahrida 9 oyda 3,3 trillion so‘mlik 16,3 millionta chek, viloyatlarda esa 6,3 trillion so‘mlik 22,7 millionta chek chiqarilgan. Sovrinli o‘yinlarga 1 milliard so‘m ajratilgan bo‘lib, 2020 yil 1 oktyabr holatiga 524 million so‘mlik sovrinlar o‘ynaldi.

Hujjat bilan soliq va bojxona ma’muriyatchiligi vositalari soliqlardan bo‘yin tovlagan jismoniy va yuridik shaxslarni aniqlash va javobgarlikka tortishga qaratiladi.

Bu quyidagilar orqali amalga oshiriladi:

  • tadbirkorlar huquqlarini himoya qilishga vakolatli organni xabardor qilgan holda o‘tkaziladigan sayyor soliq tekshiruvlari natijalarini OAVlarda e’lon qilish tartibini joriy qilish;
  • coliq organlarining ma’lumotlarini qayta ishlash markazini yanada rivojlantirishga 100 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. Soliq islohoti natijasida foyda solig‘i, qo‘shilgan qiymat solig‘i, resurs soliqlarini to‘lovchi shaxslar soni o‘rtacha 15 barobar ko‘payishi kutilmoqda. Xalqaro ekspertlarning fikricha, IT darajasi yuqori bo‘lgan mamlakatlarda yashirin iqtisodiyot ulushi past.