Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 oktyabr kuni «Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to‘g‘risida"gi qonunni imzoladi.

Hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan 22 iyulda qabul qilingan, Senat esa 11 sentyabrda maqullagan.

Qonunga ko‘ra, aholiga narkologik yordam davlat narkologiya muassasalari yoki litsenziyaga ega bo‘lgan xususiy tibbiyot muassasalari tomonidan ko‘rsatiladi.

Narkologik kasallikka chalingan shaxsni davolash uning yoki qonuniy vakilining yozma roziligi olinganidan keyin amalga oshiriladi. Majburiy davolash holatlari bundan mustasno.

Narkologiya dispanserlari tarkibidagi ixtisoslashtirilgan tibbiy komissiyalar tomonidan bemor majburiy davolashga muhtoj yoki yo‘qligi aniqlanadi. Majburiy davolash esa sud qarori asosida amalga oshiriladi.

Majburiy davolash davomiyligi shaxs davolash uchun joylashtirilgan kundan e’tiboran 5 kunlik muddatda narkologiya muassasasining tibbiy komissiyasi tomonidan belgilanadi va davomiyligi 18 oydan ko‘p bo‘lishi mumkin emas.

Qonun bilan majburiy davolanish davrida shaxslarni davolash maqsadida ularga mehnat terapiyasi qo‘llanilishi mumkin.

Narkologik kasalliklarga chalingan, majburiy davolanib chiqqan shaxslar Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tartibda qayta tekshiruvdan o‘tishi shart. Kasallik qaytalanishiga qarshi terapiyadan o‘tishdan bosh tortgan taqdirda, ichki ishlar organlari tomonidan majburiy ravishda olib kelinadi.

Majburiy davolanib chiqqan shaxslarni ishga joylashtirish mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, ichki ishlar organlari, mehnat organlari hamda narkologiya muassasalari zimmasiga yuklatiladi.

Qonunga ko‘ra, davlat:

  • psixoaktiv moddalardan o‘tkir zaharlanish natijasidagi psixozlar chog‘ida shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilishini;
  • ambulatoriya va statsionar sharoitlarda maslahat berish-tashxis qo‘yilishini, davolashni, psixoprofilaktik, reabilitatsiya, ijtimoiy yordam ko‘rsatilishini kafolatlaydi.

Narkologik bemorlarni davolashda qatnashuvchi tibbiyot xodimlari va boshqa mutaxassislarga alohida mehnat sharoitlarida faoliyat bilan shug‘ullanuvchi shaxslar uchun qonun hujjatlarida belgilangan imtiyozlar qo‘llaniladi.

Narkologik yordam ko‘rsatishda ishtirok etgan shaxs sog‘lig‘iga zarar yetib, mehnat qobiliyatini vaqtincha yo‘qotgan taqdirda, shuningdek, nogironlik yuz berganda — ushbu shaxsga, u vafot etsa — uning qaramog‘idagilarga zarar o‘rni qoplab beriladi.

Mazkur qonun kuchga kirgach, «Surunkali alkogolizm, giyohvandlik yoki zaharvandlikka mubtalo bo‘lgan bemorlarni majburiy davolash to‘g‘risida"gi qonun o‘z kuchini yo‘qotadi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach, ya’ni 2021 yil yanvar oyi oxirida kuchga kiradi.