Koronavirus bilan kurashish bo‘yicha maxsus respublika komissiyasi pulsoksimetr va kislorod konsentratorlarini Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot muassasalaridan ma’lum bir muddat hamda bepul tarzda foydalanishga berish bo‘yicha qaror qabul qildi. Bu komissiyaning 14 sentyabrdagi 46 raqamli bayonnomasida belgilangan (bayonnoma nusxasi «Gazeta.uz» tahririyatida mavjud).

Pulsoksimetr va kislorod konsentratorlari koronavirus asoratlari bilan davolangan va uy sharoitidagi reabilitatsiga muhtoj bemorlarga tarqatilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu jihozlarning zaxirada mavjudligi va tibbiyot muassasining imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda shartnoma asosida berilishi ma’lum qilindi.

Maxsus komissiya bayonnomasi bilan pulsoksimetr va kislorod konsentratorlarini bepul tarzda tarqatish tartibini ishlab chiqish vazifasi topshirildi. «Gazeta.uz» Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatidan yuqoridagi tartib bo‘yicha izoh ololmadi.

Bundan tashqari, hujjatga ko‘ra, dorixonalarda tayyorlanadigan dori vositalarining ulgurji sotuvi hamda preparatlarning importi va ishlab chiqarilishi muddatini 2020 yilning 31 dekabriga qadar uzaytirishga ruxsat berildi.

COVID-19 ga chalingan bemorlarni davolashda qo‘llaniladigan bir qator dori vositalari, tibbiy asbob-uskunalar importining sodda tartibining faoliyat muddati 2021 yilning 1 martigacha uzaytirildi.