Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi bir qator dala hovlilar joylashgan posyolkalarning birida 20 oktyabr kuni sisterna yorilishi natijasida katta hududni suv bosgan edi. Suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish va zarar ko‘rgan dala hovli egalariga moddiy ko‘mak ko‘rsatish maqsadida maxsus komissiya tuzildi, deb xabar berdi viloyat hokimligi axborot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, «Aviastroitel» bog‘dorchilik-uzumchilik shirkat hududidagi suv yig‘ish rezervuari (2000 m3 sig‘imga ega) 1977 yilda qurilgan bo‘lib, ko‘p yillardan beri foydalanilgani bois, ta’mirtalab holatga kelgan, temir konstruksiyalarining mustahkamlik darajasi yo‘qolgani tufayli avariya holati ro‘y bergan. Mazkur shirkat 629 ta hovliga xizmat ko‘rsatadi.

Hodisa oqibatda 17 ta dala hovliga suv kirgan. Xususan, rezervuar yaqinida joylashgan 7 ta dala hovli jiddiy zarar ko‘rgan.

«Masalan, Rahmatullayeva Gulnora, Mirzayeva Irina, Dobroyenka Kira, Shironova Yevgeniya, Maxsumov Dovudxon, Abdullayeva Marhamat va Ashurova Bumayramga tegishli dala hovlining asosiy binolariga jiddiy ziyon yetgan. Uyning yashash xonalari, oshxona, hammom, hojatxona va bostirmasi tiklab bo‘lmaydigan darajaga kelgan», — deya ma’lum qildi viloyat ma’muriyati.

Bugungi kunda Parkent tumani hokimligi tomonidan tezkor choralar ko‘rilmokda. Shirkat rahbari Ulug‘bek Abdullayev boshchiligida zarar ko‘rgan 7 ta dala hovlini tiklash ishlariga kirishilgan.

Shuningdek, tuman hokimligi tashabbusi bilan mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi, korxona va tashkilotlar rahbarlaridan iborat komissiya tuzilgan. Komissiyaga tuman hokimining birinchi o‘rinbosari, moliya bo‘limi, tuman bosh me’mori, yer resurslari va ko‘chmas mulk kadastri, bandlikka ko‘maklashish markazi, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi mutasaddilari kirgan bo‘lib, ular shirkat rahbari va shirkat a’zolari bilan ko‘rilgan zarar miqdorini aniqlashadi. Zarar ko‘rgan dala hovlilarning bino va inshootlari ta’mirlanadi.

Shuningdek, bugungi kunda tuman elektr tarmoqlari, gaz ta’minoti, «Suvoqava» filiali korxonalari tomonidan sohalar bo‘yicha ta’minot tizimlarining holati o‘rganilib, zarar ko‘rgan dala hovlilarda kommunal tarmoqlarni tiklash-ta’mirlash ishlariga kirishildi, deb xabar bermoqda Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati.

Eslatib o‘tamiz, 20 oktyabr kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi Toshkent viloyati Parkent tumanidagi bog‘ va uzumchilik sherikligida (BUSH) 2000 kubometr hajmga ega sisterna yorilgani haqida xabar bergan edi. «Gazeta.uz» muxbiri posyolkaga tashrif buyurib, u yerning aholisi va tuman ma’muriyati bilan suhbatlashib, vaziyatni yoritdi.