Prezidentning «Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoniga binoan, Toshkent shahrining Sayilgoh ko‘chasidagi Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq binosi xususiy sektorga sotiladi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Adliya vazirligi xabar berdi.

Poytaxtning markazida joylashgan DXX sobiq binosi xususiy sektorga sotilgan davlatga tegishli ko‘chmas mulk ob’ektlari ro‘yxatiga kiritilgan. Umumiy maydoni 20219 kv. m. bo‘lgan ushbu ob’ekt endilikda davlat aktivlarini boshqarish agentligi (davlat aktivi) balansiga o‘tgan.

Bundan tashqari, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi «Sijjak» (53,8 ming kv. m.), «Bildirsoy» (461 ming kv. m.), «Chorvoq» (761 ming kv. m.) va «Burgalik» (2556 kv. m.) dam olish maskanlari ham xususiylashtiriladi. Dastlabki uchta ob’ekt mavjud bo‘lgan barcha mulkni baholagan holda mulkiy kompleks sifatida sotuvga qo‘yiladi.

Farmonda ta’kidlanishicha, davlat ob’ektlari «1 so‘m» boshlang‘ich qiymatda ommaviy savdolarga chiqariladi.

Davlat aktivlarini sotib oluvchilar to‘lovlarni qonunchilikda belgilangan tartibda bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti asosida amalga oshirishi mumkin.

Avvalroq «Gazeta.uz» Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ko‘rsatilgan ob’ektlarni «Forsa Barsa» MCHJga investitsiya majburiyatlarini bajarish bilan «0» narxda va tanlovsiz o‘tkazishni taklif qilgani haqida xabar bergan edi, ammo Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilganligini qayd etdi. Natijada binolarni ommaviy kim oshdi savdosiga qo‘yishga qaror qilindi.

Bundan tashqari, Toshkent shahrining Yunusobod tumanida joylashgan savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish kompleksi (Malika) sotuvga qo‘yiladi. 41,3 ming kv. m. maydonga ega bo‘lgan ushbu ob’ekt poytaxt hokimiyati balansida hisoblanadi.