26 oktyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev elektr energetikasi korxonalarini transformatsiya qilish bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazgani haqida xabar bergan edik.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda tizimda amalga oshirilgan islohotlar natijasida bir yil ichida $2 mlrdlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya hisobiga 2700 MVt quvvatli 6 ta yangi elektr stansiyasini qurish bo‘yicha loyihalar boshlab yuborilgan.

Yig‘ilishda elektr energiyasining raqobatli bozorini tashkil etish orqali tannarxni tushirish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ raisi «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan интервьюсида davlat rahbari 2021−2022 yillarda elektr energiyani tarifini oshirmaslikni asosiy masalasi etib belgilab berganini ta’kidladi.

«Har bir kompaniyaga, shu jumladan, „Hududiy elektr tarmoqlari“ AJ oldiga ham bir qator vazifalarni qo‘ydilar. Qilinadigan modernizatsiya, rekonstruksiya ishlarini amalga oshirishga tarifni ko‘tarish hisobidan emas, balki mana shu ishlab chiqarishda ketadigan harajatlarni, ya’ni tannarxni kamaytirish evaziga erishish masalasini qo‘ydilar», — deya ta’kidladi kompaniya raisi Ulug‘bek Mustafoyev.

Yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev soha transformatsiyasini tezlashtirish orqali sohani rivojlantirish lozimligini qayd etgan.

«Davlat korxonalarini transformatsiya qilish bo‘yicha biz juda katta o‘zimizga majburiyat olganmiz, xalqimiz oldida. Hammamiz uchun bu — yangilik. Agar biz energetika sohasida transformatsiyani to‘g‘ri qilsak, juda katta natijalarga erishishimiz mumkin. Eng katta narsa, bu — tannarxni kamaytirish. Qayerga bormasak, odamlar elektr energiyadan norozi. Hozirgi ko‘p elektr stansiyalarining eskirish darajasi 50 foizdan yuqori. Uch yil oldin 70 foiz edi. Bu albatta, raqobatbardoshlilik nuqtai nazaridan, harajat nuqtai nazaridan mutlaqo bizning hozirgi rejalarimizga to‘g‘ri kelmaydi», — dedi davlat rahbari.

Shu bilan birga, prezident yangi tashkil etilgan to‘rtta mustaqil kompaniya — «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari», «Hududiy elektr tarmoqlari», «Issiqlik elektr stansiyalari» va «O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyatlari transformatsiyaga tayyor yoki yo‘qligini aniqlash bo‘yicha vazifa bergan. Issiqlik stansiyalarida davlat xususiy sherikchilikni rivojlantirish boshlangani, biroq hududiy elektr stansiyalarda hali ham bu kechikayotgani tanqid qilingan.

«Bitta Sirdaryodagi ishlab chiqaradigan elektr energiyasi hududga yetib borguncha necha pulga tushayapti degan savol hammani qiynashi kerak. 4ta kompaniyani rahbari oldiga qo‘ygan vazifalarni qanday bajarish bo‘yicha aniq fikr aytishi kerak. Bular haftada 50 foiz ishini transformatsiya bilan shug‘ullansa menga ham ma’qul», — deya qayd etdi prezident.

Yig‘ilishda xalqaro ekspertlarni jalb qilish, malakali kadrlar rezervini yaratishga alohida e’tibor qaratish lozimligi aytildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati.

«Bizda bilim beradigan mutaxassisimiz yo‘q. Kafedralarimiz yo‘q. Va eng katta narsa — mana shu soha bo‘yicha ekspertlarimiz yo‘q. Shuning uchun Rossiyadan iloji bo‘lsa, ularni olib kelib, bu yerda kadrlarimizni o‘qitib, mukammal rezerv yaratmasak bo‘lmaydi. Agar bu soha raqobatbardosh bo‘lib, tannarx kamaytirsa hamma sohamizga juda katta ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Tarixiy ishlarni boshlayapmiz. Agar mana shu energetikani joy joyiga qo‘ysak, ko‘p ishlarni samaradorligi va mahsulotlarimizni ham eksportbopligi joyiga tushadi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda shuningdek, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari», «Hududiy elektr tarmoqlari», «Issiqlik elektr stansiyalari» hamda «O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyatlarida moliyaviy hisobotlarni jahon standartlari asosida tayyorlash tizimiga o‘tish kerakligi ta’kidlandi.