«Angren shakar» va «Xorazm shakar» ma’suliyati cheklangan jamiyatlari shu kunlarda ommaviy ravishda xodimlarini ishdan bo‘shatishni boshladi. O‘zAning xabar berishicha, ayni paytgacha 130 nafardan ziyod xodim ishdan bo‘shatilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, «Angren shakar» va «Xorazm shakar» zavodlari yil oxiriga qadar deyarli barcha ishchilarni ishdan bo‘shatishni mo‘ljallagan. Hozirda ikkita zavodda jami 2000 nafardan ziyod ishchi xodimning daromadsiz qolish xavfi tug‘ilmoqda. Avvalroq kompaniyalar o‘tgan yilga nisbatan 3,5 baravar ko‘proq shakar olib kirgan importchilar bilan raqobatlashish mushkul bo‘lib qolganini ta’kidlashgandi.

«Gazeta.uz»ning «Angren shakar»dagi manbasi ham buni tasdiqladi. Uning ta’kidlashicha, mahalliy ishlab chiqaruvchilar import qilinadigan shakar bilan raqobatlashishi qiyin, chunki aprel oyining boshidan 20 turdagi tovarlar, shu jumladan shakar importiga bojxona to‘lovlari va aksiz solig‘i stavkalari nolga tenglashtirildi. Mahalliy korxonalar esa hom ashyo uchun aksiz solig‘ini to‘lashni davom ettirmoqda. Hozirda korxona 700 nafar ishchi bilan shartnomaga ega, biroq bugungi kunga kelib ularning xizmatiga ehtiyoj qolmagan. Bozordagi noqulay raqobat maydoni tufayli korxonalar o‘z mahsulotlarini sotishida muammolar yuzaga kelgan va omborxonalarda katta miqdorda shakar to‘planib qolgan.

«Gazeta.uz» iyul oyida 47 ming tonnadan ortiq shakar korxonalar omborlarida saqlanib qolgani va hom ashyo tanqisligi bois ishlab chiqarish to‘liq to‘xtagani haqida yozgan edi. O‘shanda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ikkita ishlab chiqaruvchi korxona 16 iyul kuni 12 ming tonna, jumladan, «Angren shakar» 650 tonna, «Xorazm shakar» esa 350 tonna shakarni birja savdolariga qo‘yganini ma’lum qilgan edi.

Avvalroq, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi sentyabrda shakar narxi keskin oshgani haqida ma’lum qilgandi. Qayd etilishicha, bugungi kunda respublikada 2 ta shakar ishlab chiqaruvchi korxonadan, 100 dan ortiq yuridik shaxslar tomonidan shakar mahsuloti muntazam import qilinadi. 2019 yilning 9 oyida 82 ming tonna, 2020 yilning mos davrida 288 ming tonna shakar import qilingan. Qo‘shni davlatlarda noqulay ov-havo tufayli qandlavlagi hom ashyosi tanqisligi kuzatilishi taxmin qilingan edi. Avgusning boshida 1 kg shakarning narxi o‘rtacha 34 foizga o‘sgan. Ya’ni, shakar narxining oshishiga importdan keltirilayotgan shakarning narxi ko‘tarilishi sabab bo‘lgani aytilgandi.

Qo‘mita ma’lumotida keltirilishicha, sentyabr holatiga «Xorazm shakar» MCHJ va «Angren shakar» MCHJlarda 40 ming tonna tayyor shakar zahiralari mavjud bo‘lgan. Avgustda maxalliy shakarning ulgurji narxi birja savdolarida o‘rtacha 5840 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, sentyabrdan 6585 so‘mga ko‘tarilgan.