Rossiyaning Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va inson farovonligini nazorat qilish bo‘yicha federal xizmati (Rospotrebnadzor) aholini odamlar ko‘p bo‘lgan joylarda, transportda, parkovka va liftlarda niqob taqishga chaqirdi. Ushbu qaror 28 oktyabrdan kuchga kiradi. Bu haqda RIA Novosti xabar bermoqda.

Rospotrebnadzor shuningdek quyidagilarni tavsiya qildi:

  • ko‘ngilochar tadbirlardan voz kechish va kafelarning faoliyatini soat 23:00 dan 06:00 gacha to‘xtatish;
  • transportda, taksilarda, do‘konlarda, restoranlarda va teatrlarda dezinfeksiya qamrovini oshirish;
  • hududlarda 100 ming aholiga kamida 150 ta koronavirusga test olish.

Eng og‘ir vaziyat Rossiyaning poytaxtida kuzatilyapti, shu sababli Moskva aholisidan niqob va qo‘lqop rejimiga rioya qilish talab etiladi, ba’zi xodimlar va maktab o‘quvchilari onlayn formatga o‘tishdi, nafaqaxo‘rlar va surunkali kasalliklarga ega odamlarga imkoni boricha uyda qolish tavsiya etildi.

Moskva meriyasi tungi klublar va barlar yopilmasligini aytdi. «Shaharda koronavirus dinamikasining sezilarli pasayishi kuzatilmoqda va biz iqtisodiyotning biron bir sohasini yopmaslikning iloji bor deb hisoblaymiz», — deyiladi bayonotda.

Rossiya COVID-19 ni yuqtirganlar soni bo‘yicha jahonda to‘rtinchi o‘rinda turibdi. Mamlakatda bir yarim milliondan ortiq koronavirusga chalinish holatlari aniqlandi, ularning 1,15 millionga yaqini tuzaldi, 26 mingdan ortig‘i vafot etdi.