27 oktyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Nukus shahri markaziy qismining istiqbolli loyihasi bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident 2 oktyabr kuni Qoraqalpog‘istonga safari chog‘ida Nukus shahrini obodonlashtirish, aholining dam olishi uchun sharoitlarni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi.

«Toshkentda nima yangilik bo‘lsa, Nukusga kelishi kerak. Yangicha ishlamasak, zamon qabul qilmaydi», — degan edi Shavkat Mirziyoyev.

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Nukusning markaziy qismi loyihasini Toshkent shahar hokimi Jaxongir Ortiqxo‘jayev taqdim etdi. Xususan, ko‘chalarni kengaytirish va ko‘kalamzorlashtirish, ko‘llar va istirohat bog‘larini yaratish, savdo shoxobchalari va yirik bozorlar, turar-joy binolari, IT-parklar sonini ko‘paytirish rejalashtirilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Eslatib o‘tamiz, 6 oktyabr kuni hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev Qoraqalpog‘iston poytaxtiga tashrif buyurdi. Tashrif chog‘ida u Nukus hokimiga «Istiqlol» bog‘ini obodonlashtirish va bezatish loyihasi hamda musiqiy favvorali ko‘l yaratish bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi. Shuningdek, Toshkent shahri iqtisodiyotini yaxshilash bo‘yicha o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Avvalroq, Shavkat Mirziyoyev 20 xonadonga mo‘ljallangan besh qavatli bir pod’ezdli turar-joy binosining namunaviy loyihasini tasdiqlagan edi. Bunday uy-joylar mamlakatning har zich joylashgan hududida qurila boshlaydi. Bu avval qurilgan uylarga qaraganda 33 foizga arzonroq bo‘ladi, dedi Qurilish vazirligi rahbarining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov.