NASA rahbari Jim Braydenstaynning ma’lum qilishicha, Oyning Quyoshga qaragan tomonida birinchi marta suv izlari borligi aniqlandi. Yangilik Germaniya-AQSH teleskopi Sofia’da olib borilgan tadqiqotlar doirasida kashf qilindi.

AQSH kosmik agentligi Yerning yagona tabiiy sun’iy yo‘ldoshidagi suvning aniq dalillarini topdi. Kashfiyot Oyni stratosfera rasadxonasi yordamida o‘rganish paytida aniqlandi.

Suv molekulalari osmon jismining janubiy qismidagi Klavius krateridan topilgan.

Shunday qilib, agentlikning Oyni o‘rganish dasturlarini moslashtirishga imkon beradigan nazariyalari tasdiqlandi. Suvning mavjudligi barcha muammolarni hal qilishni soddalashtirishi mumkin, hatto undan yoqilg‘i yaratish uchun ham foydalanish taklif qilingan. Biroq, NASA Astrofizika departamenti direktori Pol Xertzning so‘zlariga ko‘ra, sun’iy yo‘ldoshda qancha suv topish mumkinligi va undan haqiqatan ham foydalaniladimi yoki yo‘qmi, hali ma’lum emas.

«Biz birinchi marta Sofia teleskopidan olingan ma’lumotlar tufayli Oyning Quyoshga qaragan tomonida suv borligini tasdiqlay oldik. Bu suvdan resurs sifatida foydalana olamizmi yoki yo‘q, hozircha bilmaymiz. Oy yuzasida suv izlash bizning Artemis dasturi doirasidagi tadqiqot rejalarimiz doirasida juda muhim hisoblanadi», — deya ma’lum qilgan Jim Braydenstayn.

Ushbu «molekulyar suvni aniqlash» NASAning oy bazasini yaratishga bo‘lgan umidini kuchaytirdi, deb xabar bermoqda BBC. Maqsad Oyning tabiiy boyliklarini topib, ushbu bazani saqlab qolishdir.

AQSH kosmik agentligi birinchi ayol va erkakni 2024 yilda Oyga «navbatdagi ulkan sakrash» uchun hamda 2030 yillarning boshlarida insonlarni Marsni o‘rganishga tayyorlash uchun yuborishini aytdi.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tamizki, NASA bundan bir necha yil oldin ham oyda suv borligini aniqlagan edi, ammo u ichish uchun yaroqli emasligi ta’kidlangandi.