27 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi milliy mudofaa vaziri Hulusi Akarni qabul qildi, deya xabar berdi davlat rahbarining matbuot xizmati.

Uchrashuvda mamlakatlar o‘rtasidagi harbiy va harbiy-texnik hamkorlik holati va istiqbollari ko‘rib chiqildi, shuningdek, keyingi yillarda mudofaa sohasida amalga oshirilgan qo‘shma tadbirlar yakunlari sarhisob qilindi.

O‘zbekiston va Turkiya mudofaa idoralari o‘rtasida o‘rnatilayotgan amaliy hamkorlikning muhim yo‘nalishlari sifatida harbiy kadrlarni o‘qitish bo‘yicha dasturlarni amalga oshirish, ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida aloqalarni yo‘lga qo‘yish, qo‘shin bo‘linmalarini tayyorlash bo‘yicha tajriba almashish belgilandi.

Turkiya milliy mudofaa vaziri harbiy va harbiy-texnik sohalarda keng ko‘lamli hamkorlikka tayyor ekanini ta’kidladi, deyiladi xabarda.