Ramzan Qodirov Fransiya prezidentini terrorchiga o‘xshatdi

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning Muhammad payg‘ambarning karikaturalarini qo‘llab-quvvatlash haqidagi so‘zlariga munosabat bildirdi va uni terrorizmning yetakchisi deb atadi. Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, Makronning bayonotlari ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkin. «Fransiya prezidentining o‘zi endi terrorchiga o‘xshab ketmoqda. Provokatsiyalarni qo‘llab-quvvatlab, u yashirin ravishda musulmonlarni jinoyat sodir etishga chaqiradi», — deb yozadi Checheniston rahbari. — Ramzan Qodirovning Telegram kanali.

Yaponiya AQSH tufayli jabrlanganlarga yordam berish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqdi

Yaponiyada turli partiyalardan bo‘lgan bir guruh deputatlar Ikkinchi jahon urushining so‘nggi bosqichida AQSH tomonidan bombardimon qilinganlarga davlat tomonidan moddiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi qonun loyihasini tayyorlashdi. Har bir jabrlanuvchiga, shu jumladan, psixologik shikast olganlarga 500 ming iyena (taxminan 4,8 ming dollar) to‘lanadi. — TASS.

65 millionga yaqin amerikaliklar umumiy saylovlarda muddatidan aval ovoz berishdi

AQSHda hozirga qadar 64,7 million amerikalik 3 noyabrda belgilangan saylovlarida muddatidan avval ovoz berishdi. Ulardan 43,8 million kishi pochta orqali, 20,9 million kishi esa bevosita saylov uchastkalarida ovoz berdi. Ta’kidlanishicha, ovoz berganlarning 48,9 foizi demokratlar, 28,4 foizi respublikachilar, 0,6 foizi boshqa partiyalar tarafdorlari, 22,1 foizi qaysi partiyani qo‘llab-quvvatlashini ko‘rsatmagan. — United States Elections Project.

Rossiya koronavirusga qarshi choralarni kuchaytirdi

Rossiya Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va inson farovonligini nazorat qilish bo‘yicha federal xizmati (Rospotrebnadzor) aholini odamlar ko‘p bo‘lgan joylarda, transportda, avtoturargoh va liftlarda niqob taqishga chaqirdi. Ushbu qaror 28 oktyabrdan kuchga kiradi. Moskva meriyasi tungi klublar va barlar yopilmasligini aytdi. «Shaharda koronavirus dinamikasining sezilarli pasayishi kuzatilmoqda va biz iqtisodiyotning biron bir sohasini yopmaslikning iloji bor deb hisoblaymiz», — deyiladi bayonotda. — Gazeta.uz

Oyda suv izlari borligi aniqlandi

NASA rahbari Jim Braydenstaynning ma’lum qilishicha, Oyning Quyoshga qaragan tomonida birinchi marta suv izlari borligi aniqlandi. Yangilik Germaniya-AQSH teleskopi Sofia’da olib borilgan tadqiqotlar doirasida kashf qilindi. AQSH kosmik agentligi Yerning yagona tabiiy sun’iy yo‘ldoshidagi suvning aniq dalillarini topdi. Kashfiyot Oyni stratosfera rasadxonasi yordamida o‘rganish paytida aniqlandi. Suv molekulalari osmon jismining janubiy qismidagi Klavius krateridan topilgan. — Gazeta.uz

Yaqin Sharqning bir qator mamlakatlari fransuz mahsulotlariga boykot e’lon qildi

23 oktyabrdan boshlab Yaqin Sharqdagi ijtimoiy tarmoqlarda Fransiya va fransuz mahsulotlarini boykot qilishga chaqiriqlar tarqalmoqda. Noroziliklarga Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning mamlakatda so‘z erkinligi, shu jumladan karikaturalardan voz kechilmasligi haqidagi aytgan gaplari sabab bo‘ldi. Bundan tashqari, o‘tgan hafta Charlie Hebdo satirik multfilmlaridan lavhalar Monpele va Tuluzadagi hukumat binolarida namoyish etildi. — Gazeta.uz