26 oktyabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bir qator qurilish obyektlari loyihalarining taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, yil davomida qishloq joylarda 12 mingdan, shaharlarda 18 mingdan ziyod uylar qurilmoqda.


Sardoba suv omboridagi texnogen falokat natijasida Sirdaryo viloyatining Sardoba va Mirzaobod tumanlarida qisqa vaqt ichida 86 ta besh qavatli uylar qurildi.

Davlat rahbari mas’ul shaxslarga to‘plangan tajribani inobatga olgan holda uylarning loyihalarini oxiriga yetkazish va aholini uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Shunga ko‘ra, besh qavatli uylarning loyihasi qayta ko‘rib chiqildi, kvartiralarning joylashuvi va xonalarning maydoni, ishlatilgan qurilish materiallari hajmi optimallashtirildi. Hovli va yo‘laklarga harakat sensori o‘rnatilgan lampalar qo‘yiladi. Bu va boshqa choralar tufayli ushbu loyiha uchun uylarning narxi o‘rtacha 30 foizgacha pasayadi, deyiladi xabarda.


“Vazirlar Mahkamasiga, hokimliklarga uylarning yetishmovchiligi to‘g‘risida ko‘plab xatlar, talablar kelib tushmoqda. Viloyatlarda ham, shaharlarda ham uylar yetishmovchiligi sababli ular yanada qulay, arzon va sifatli bo‘lib, texnologiyani buzmagan holda qisqa vaqt ichida quriladi. Xorijiy mamlakatlar tajribasini o‘rganib chiqib, dizayn, qulayliklar yaratish, optimallashtirish bo‘yicha standartlarimizni yangiladik”, — dedi Qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida.

Qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari bitta podyezdli va 20 xonadonli besh qavatli binoning namunaviy loyihasini taqdim etdi.


“Ular avvalgi uylarga qaraganda 33 foizga arzonroq bo‘ladi. Ushbu loyihada ortiqcha joylar bo‘lmaydi, ular hayot uchun qulay sharoitlarga ega bo‘ladi”, — dedi Sherzod Hidoyatov.

Bunday uyning umumiy maydoni 1302 kv. m., foydalaniladigan maydoni — 880 kv. m (67,5%).


Prezident loyihani ma’qulladi va bunday uylarni mamlakatning barcha aholi zich tumanlarida qurish zarurligini ta’kidladi.

“Mart oyidan boshlab har bir tumanda uylar quramiz. Aholi zich joylashgan joylardan u yerda ham bunday uylarni qurish talabi bor. Ushbu talab asosida biz qaror qabul qilamiz. Ipoteka to‘g‘risida ham o‘ylab ko‘ring. Juda yaxshi uy. Bunday uylarni muhtojlarga berish kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Avvalroq davlat rahbari Toshkent davlat texnika universiteti hududida o‘quv-amaliy majmuasini qurish loyihasi bilan tanishgan edi. Bir vaqtning o‘zida 500 ta boshlang‘ich rezident va 120 ta ishlab chiqarish korxonalarini joylashtirish mumkinligi kutilmoqda.