2020 yilning noyabr-dekabr oylarida Toshkentda oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida «Talabalar ligasi», Regbi-7 bo‘yicha O‘zbekiston chempionati, Mudofaa vazirligi, Milliy Gvardiya, FVV, DXX va IIB xodimlari o‘rtasida Regbi-15 bo‘yicha O‘zbekiston chempionatlari hamda 3 ta yosh toifasida «Oltin Oval» kubogini o‘tkazish rejalashtirilgan. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Bu haqda Vazirlar Mahkamasida bo‘lib o‘tgan mamlakatda sportning regbi turini rivojlantirishda rahbarlarining roli, mas’uliyati hamda amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligiga bag‘ishlangan yig‘ilishda, shuningdek, Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston Regbi federatsiyasi raisi Sodiq Safoyev prezidentning 2019 yil 29 oktyabrdagi regbi sportini rivojlantirishga oid qarori ijrosi yuzasidan hisobot berdi.

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi.

Unda qayd etilishicha, bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Namangan, Farg‘ona, Andijon, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Navoiy, Buxoro, Xorazm va Toshkent viloyatlarida jami 33 ta qo‘shimcha seksiya va to‘garaklar tashkil etilib, 500 nafardan ziyod sportchi jalb etilgan.

2020−2021 o‘quv yilida O‘zbekiston Milliy universitetning regbi bo‘limiga 36 nafar talaba, Jismoniy tarbiya va sport universitetiga esa 15 nafar talaba o‘qishga qabul qilingan.

«O‘zbekiston milliy terma jamoasi nufuzli xalqaro musobaqalarda faol ishtirok etib, sharafli o‘rinlarni egallab kelmoqda va Osiyo mintaqasidagi davlatlar orasida kuchli sakkizlikka ko‘tarilgan», - dedi Regbi federatsiyasi raisi.

Shuningdek, mamlakatda sport maktablarining regbi bo‘limlarida o‘quv-mashg‘ulot jarayonining samarali tashkillashtirilishini monitoring qilish tizimi joriy etilgani ta’kidlandi.

Hisobotga ko‘ra, 2020 yil 1 iyulda Regbi federatsiyasi raisi Sodiq Safoyev Yaponiyaning favqulodda va muxtor elchisi Fujiyama Yoshinori hamda JAIKA vakili Takasaka Muneo bilan uchrashgan. Unda Yaponiya granti asosida 2 nafar murabbiy O‘zbekistonda faoliyat yuritishiga kelishib olingan.

Bundan tashqari, ilmiy-uslubiy ishlanmalar va ilg‘or xalqaro tajribani hisobga olgan holda, regbi-7 va regbi-15 bo‘yicha tayyorgarlik dasturlari, 600 dona «World Rugby» o‘quv qo‘llanmasi o‘zbek tiliga (kirill va lotin alifbolarida) tarjima qilingan va chop ettirilib, regbi bo‘yicha seleksionerlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish dasturi ishlab chiqilgan.

Yig‘ilishda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Chorvoq qishlog‘ida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari o‘quv-mashq jarayonini o‘tkazishi uchun O‘zbekiston Regbi federatsiyasining sport bazasini qurishni 2021 yilda tegishli dasturga kiritish bo‘yicha aniq ishlarni amalga oshirish belgilandi.

Ta’kidlash joiz, Milliy Universitet stadioni regbi bo‘yicha milliy terma jamoalarning musobaqalarga munosib tayyorgarlik ko‘rishi uchun zamonaviy standartlar asosida ta’mirlanadi.

Bundan tashqari, yaqin vaqt ichida «teg-regbi» har bir tumanda bittadan umumta’lim maktabining jismoniy tarbiya dasturiga kiritilishi hamda tanlangan maktablarning jismoniy tarbiya o‘qituvchilari «teg-regbi» bo‘yicha o‘quv qo‘llanmalari bilan ta’minlanishi qayd etildi.