Vashingtonda imzolangan Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi yangi bitim Toshkent vaqti bilan soat 9:00 da kuchga kirgan edi. Biroq bitim kuchga kirishi bilanoq, uning buzilgani ma’lum bo‘ldi. Ikki mamlakat bitimni buzishda bir-birini ayblamoqda, deya xabar berdi RBK.

10 oktyabr kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha erishilgan kelishuv ham o‘sha kuniyoq buzilgan edi.

Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi insonparvarlik kelishuvi 26 oktyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 09:00 da kuchga kiradi, deyilgan edi Ozarbayjon, Armaniston va AQSHning qo‘shma bayonotida. Mazkur bayonot AQSH Davlat departamenti saytida e’lon qilindi.

Bitim kuchga kirganidan sal o‘tib, Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Armaniston Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish tartibini buzganini e’lon qildi.

Armaniston tomoni bu xabarni dezinformatsiya deb atadi. Sal o‘tib, Armaniston mudofaa vazirligi matbuot kotibi Shushan Stepanyan shaxsiy Facebook sahifasida «Ozarbayjon tomoni soat 8:45 da (Toshkent vaqti bilan 9:45) Arsaxning shimoli-sharqida jangovar pozitsiyalar yo‘nalishi bo‘yicha artilleriya orqali o‘t ochishni boshladi», deya ma’lum qildi.

Ozarbayjon mudofaa vazirligi, shuningdek, Armaniston qurolli kuchlari Lochin tumanidagi Safiyan qishlog‘ida joylashgan Ozarbayjon armiyasi bo‘linmalariga, keyinchalik esa Tartar tumaniga qarata artilleriyadan o‘t ochganini ma’lum qildi.

Keyinchalik NewsLine nashri soat 10:10 da Ozarbayjon tomonidan ikkinchi o‘t ochish holati qayd etilgani haqida xabar berdi. Bu safar janubi-sharqiy yo‘nalishda beshta artilleriya orqali o‘q uzilgani aytildi.

Eslatib o‘tamiz, 27 sentyabr kuni Tog‘li Qorabog‘da harbiy harakatlar qaytadan kuchaya boshlagan edi.