Prezident Shavkat Mirziyoyev elektr energetikasi korxonalarini transformatsiya qilish bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi, deya xabar qildi dalat rahbarining matbuot xizmati.

Xabarda qayd etilishicha, bugungi kunda elektr stansiyalarining eskirganlik darajasi 50 foizdan yuqori. Bundan tashqari, eski quvvatlarda yoqilg‘i sarfi yangi bug‘-gaz qurilmalariga nisbatan 2 baravar ziyod.

Shu bois modernizatsiya ishlarini davom ettirish, lekin buni oldingidek davlat kafolati hisobiga emas, balki xususiy kapitalni jalb qilish orqali amalga oshirish zarurligi qayd etildi.

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari», «Hududiy elektr tarmoqlari», «Issiqlik elektr stansiyalari» hamda «O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyatlarida moliyaviy hisobotlarni jahon standartlari asosida tayyorlash tizimiga o‘tish kerakligi ta’kidlandi.

Bu xalqaro kredit reytingi olish, kelgusida yevroobligatsiyalar chiqarishda muhim omil bo‘ladi. Mutasaddilarga shu maqsadlardan kelib chiqib, mazkur 4 ta kompaniyaning uch yillik moliyaviy modeli va biznes rejalarini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Transformatsiya jarayonlariga ko‘maklashish uchun korxonalar boshqaruviga va kuzatuv kengashlariga chet ellik mutaxassislar jalb qilinishi bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Hozirda elektr energiyasi ulgurji bozori qoidalari belgilanmagani sababli investorlar bilan energiyani qat’iy narxlarda xarid qilish bo‘yicha uzoq muddatli shartnomalar imzolanmoqda. Bunday yondashuv kelgusida raqobatning cheklanishiga olib kelishi mumkin. Shu bois elektr energiyasi raqobatli bozoriga o‘tish bosqichlari va qoidalarini belgilovchi hujjat ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Sohaga ilg‘or texnologiyalarni keng joriy etish, «raqamli transformatsiya»ni amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda yangi loyihalarning ijrosiga ham e’tibor qaratildi. Ma’lumki, Jizzax, Samarqand va Surxondaryoda quyosh, Buxoro va Qoraqalpog‘istonda shamol, Sirdaryo va Surxondaryoda issiqlik elektr stansiyalari barpo etilishi rejalashtirilgan. Ushbu loyihalarni jadallashtirish, ularga davlat-xususiy sheriklik asosida investitsiyalar yo‘naltirish muhimligi aytildi.