14 oktyabr kuni OAVda Uchtepa tumanlararo sudining fuqaroviy ishlar bo‘limi chiqargan qarorga bo‘ysunmaganligi uchun Toshkent pedagogika universiteti rektoriga javobgarlik belgilanib, uning jarimaga tortilgani haqida xabarlar tarqaldi. Unga noqonuniy asosda ishdan bo‘shatilgan kafedra mudirini ishga tiklash buyurilgan edi. Biroz vaqt o‘tib TDPU xodimlari rektorni himoya qilib chiqishdi. So‘ngra universitet talabalarining vaziyatga munosabatlarini bayon etgan maqolasi omma e’tiboriga havola etildi. Bu masalada kim haq, kim nohaqligini vaqt ko‘rsatadi.

Tarix shuni ko‘rsatadiki, aynan kichik va xususiy masalalar jamiyatdagi kattaroq, muhimroq, ko‘p uchrab turadigan muammolarni ochib beradi. Yuqoridagi xususiy vaziyat ham mamlakatdagi muhim va qiyin bir masalaga e’tiborni qaratadi. Gap ta’lim tizimining sifatini oshirish va xalqaro standartlarga moslashtirishni kafolatlovchi mehnat munosabatlarini boshqarishdagi huquqiy masalalar haqida bormoqda.

Qonun ijroni talab qiladi — bu aksioma va u hech qanday muhokamalarga muhtoj emas. Aks holda huquqiy tartibsizlik boshlanadi. Bunga esa yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

Biroq qonun o‘zgarmas tushuncha emas. Qonun ijroni talab qiladi … faqat unga o‘zgartirish kiritilgunga qadar.

Ilgari foyda qilish maqsadida mahsulotni bir joydan xarid qilib, boshqa joyda sotish bilan shug‘ullanuvchilar chayqovchilar hisoblanib, Jinoyat kodeksiga binoan javobgarlikka tortilardi. Hozir esa bunday shaxslarga xususiy tadbirkor deb qaraladi. Tabiiyki, kodeksdagi tegishli moddalar olib tashlangan. Shunday davrlar bo‘lganki, uyda xorijiy valyuta saqlash jinoyat hisoblangan. Bugun har bir fuqaro xorijiy valyutaga egalik qilishi, uyda yoki bank hisob raqamida saqlashi mumkin. Bu ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin.

Sud qarorlaridagi o‘zgarishlar haqida mulohaza yuritar ekanmiz, 2019 yilning o‘zida xo‘jalik sudlarida qayta ko‘rib chiqilgan qarorlarning 2500 (44%) dan ortig‘i yo bekor qilingani, yo o‘zgartirilganini eslab o‘tish lozim. Ya’ni ikki holatning birida hududiy va viloyat sudlari chiqargan qarorlar yuqori sud organlari tomonidan o‘zgartirilgan.

2020 yilda kelib tushgan murojaatlarning 8000tasida (44%) sud jarayonining cho‘zilishi, ishning to‘liq ko‘rib chiqilmaganligi va ob’ektiv yondashilmaganidan shikoyat qilingan.

Bundan atigi bir yil oldin Oliy sud kengashi raisi o‘z murojaatida ko‘rilayotgan choralarga qaramay, sud tizimidagi vaziyat hali ham oqsayotganini tan oldi: yuqori sud organlari quyi organlar chiqargan qarorlarga o‘zgartirish kiritadi, fuqarolar yuqori sud va ularga tegishli organlar faoliyatidan shikoyat qilishadi.

Vaqt bir joyda turmaydi. Shunday ekan, ta’lim tizimini tubdan o‘zgartirish ishlarini cho‘zib yurishdan ma’no yo‘q. Tez orada bu sohada hal qiluvchi muhim o‘zgarish bo‘lishi lozim.

23 avgustda bo‘lib o‘tgan xalq ta’limi tizimini rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda O‘zbekiston prezidenti maktab ta’limi tizimini rivojlantirish umummilliy maqsad, umumxalq harakatiga aylanishi kerakligini aytib o‘tdi. Shu bilan birga, pedagogikaga yo‘naltirilgan OTMlar nufuzli ta’lim dargohlariga aylanishi lozimligiga urg‘u berildi.

Pedagoglarni tayyorlashga nega buncha e’tibor berilmoqda?

2030 yilgacha O‘zbekistonning Global innovatsion indeks reytingi bo‘yicha 50ta eng ilg‘or mamlakatlar safiga kirishi ko‘zda tutilgan. Bunga erishishning yagona yo‘li — ta’lim tizimini tubdan isloh qilish.

Mamlakatning 2019−2021 yillarga mo‘ljallangan innovatsion rivojlanish strategiyasi inson kapitalini rivojlantirishni «mamlakatning dunyo sahnasidagi raqobatbardoshligini ta’minlash va uni innovatsion yuksaltirish uchun asosiy omil» sifatida belgilaydi. Qo‘yilgan maqsadlar ichida 2030 yilga borib O‘zbekistonni PISA o‘quvchilarni baholashning xalqaro dasturi reytingida yetakchi 30ta davlatlar qatoriga kiritish ham bor.

Innovatsion iqtisodiyot yaratishning asosiy kaliti inson kapitali bo‘lib, uni yaratish ta’lim tizimining zimmasidadir. O‘z navbatida, kapital yetishtirishning kalitipedagogika universitetlari tayyorlayotgan bo‘lajak pedagoglar qo‘lida. Shu sababli ham ushbu universitetlarning mamlakat oldida turgan ulkan vazifalarni bajarishdagi ahamiyati nihoyatda katta ekaniga shubha yo‘q.

Bu rejalarga erishish maqsadida OTMlar rahbariyatini yangilash ishlari olib borilmoqda — o‘tgan asrning 80 yillarida ularni «qayta qurishning kapitanlari» deb atagan bo‘lardik. Rektor lavozimiga bir necha tillarni biladigan, xorijda o‘qib kelgan, xalqaro tashkilotlar bilan ishlash tajribasiga ega bo‘lgan, mamlakatdagi korrupsion vaziyatlarga aralashib qolmagan kishilar taklif qilinmoqda. Tabiiyki, o‘zgarishlarni istamaydiganlar bunga qarshi chiqadi.

Pedagoglarni tayyorlash tizimiga yangiliklar kiritish va shunga yo‘naltirilgan OTMlarning salohiyatini oshirish vazifasi topshirilgan kishilar uch boshli ajdar bilan bo‘ladigan jangga tayyor bo‘lishlari kerak.

Birinchi bosh. Palak otgan poraxo‘rlik

Bizning doimiy bosh og‘rig‘imiz ham, nozik nuqtamiz, jon joyimiz ham shu. Ko‘rilgan choralarga qaramasdan hali-hanuz OAVlar maktab va OTMlardagi korrupsiyaga oid maqolalarga to‘la.

Toshkent, Samarqand, Buxoro, Qo‘qon, Andijon, Navoiy, Guliston, Qoraqalpog‘istonda prorektor, dekan, dekan o‘rinbosarlari, o‘qituvchilar pora olishda ayblanib, qo‘lga olinmoqda. Bosh prokuror bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 2018−2019 yillar oralig‘ida oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalaridagi jami 326 nafar xodim o‘quv jarayoni bilan bog‘liq noqonuniy faoliyatlari uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ulardan 220 tasi kollej va litseylar, 106 tasi OTMlarda faoliyat yuritgan. Qabul jarayonlaridagi jinoyat uchun javobgarlikka tortilgan 115 xodimning 58 nafari oliy, 57 tasi o‘rta ta’lim muassasalarida ishlagan.

Bu hali dengizdan tomchi ekanligi hammaga ayon. Yuqoridagi holatlar faqat qabul jarayonlarida kuzatilgan hamda katta miqyosdagi poraxo‘rliklardir, bu hali hammasi emas. Huquqni himoya qiluvchi organlar tomonidan qo‘lga olinganlarning aksariyati biroz vaqt o‘tib yana o‘z lavozimlariga qaytadi.

Kirish imtihonlari vaqtida «bunker"lar faoliyat ko‘rsatganini hamma bilsa kerak. Bunda o‘qituvchilar abituriyentga tushgan biletga javoblar yozib, ba’zan yashirin, ba’zan oshkora tarzda ota-onasi «qabulga» pul to‘lab qo‘ygan bolaga yetkazib berishgan. Bu jinoiy ishlarda qatnashganlardan qay biri qo‘lga olinib, sud qaroriga muvofiq jazo o‘tayapti?

Yana bir yoppasiga tarqalgan korrupsion holat sessiya jarayoni bilan bog‘liq bo‘lib, talabalarning ta’kidlashicha, unda ko‘plab o‘qituvchilar ishtirok etadi. Qarabsizki, talabaning bilim darajasi past ekaniga ko‘z yumib, unga pul evaziga baho qo‘yayotgan o‘qituvchilar «savodli» bitiruvchilarni maktablarga yubormoqda. Bu kabi yangi pedagoglar bilan kelajakning innovatsion jamiyatini qurib bo‘lmaydi. Ular bolalarga nimani o‘rgatadi?

Bu ommaviy korrupsiya — huquqni himoya qiluvchi organlar nazoratidan chiqib ketgan muammo. Eng dahshatlisi shuki, jamiyat ongiga bu holat shunchalik singib ketganidan ko‘pchilik buni jinoyat deb qabul qilmaydi.

Ikkinchi bosh. Malaka yetishmasligi

Bitiruvchilarning salohiyati borib-borib o‘qituvchiga taqaladi. Agar mamlakat kelajagi hozirgi va bo‘lajak o‘quvchilar qo‘lida ekanligini inobatga oladigan bo‘lsak, OTMlardagi muallimlar masalasi davlat miqyosidagi masalaga aylanadi.

Bo‘lg‘usi kadrlar tarbiyasi kimning qo‘lida ekanligini bilish uchun o‘rtacha o‘qituvchining malakaviy portreti kerak bo‘ladi. Shubhasiz, mamlakat miqyosidagi barcha muallimlar salohiyati bir xil emas. O‘zbekistonda ham yuqori malakali olimlar elitasi hamda mustaqillik yillarida chet mamlakatlarda o‘qib kelgan yosh mutaxassislar qatlami ham bor.

Biroq, aksariyat hollarda, ayniqsa viloyatlardagi OTMlarda hatto ijtimoiy fanlar yo‘nalishidagi o‘qituvchilarning ham darajasi juda past. Ularning aksariyati chet tillarni bilmaydi. Axir aynan shu sifat dunyo adabiyoti va insoniyat jamlagan dunyo ilmiy bazasiga kalit vazifasini bajaradi. Chet tillarni, jumladan, rus tilini bilmasdan turib, malakali jamiyatshunos, ijtimoiy yo‘nalish mutaxassisi bo‘lishning iloji yo‘q.

Ijtimoiy fan mutaxassisi o‘tmish va zamonaviy chet el adabiyotlaridagi bilimlarni tushuna olish darajasida chet tilini bilmas ekan, demak, u faqat darsliklarga tayanib bilim beradi.

Ularning xalqaro jurnallarda maqolalari yo‘q, o‘zlari xalqaro konferensiyalarda ishtirok etmaydi. Aksariyati o‘z sohasini mukammal bilmaydi, hatto sohadagi ilg‘or zamondoshlarining ismlarini ham bilmaydi. Shunga mos ravishda, ularni ham O‘zbekistondan tashqarida (balki universitet tashqarisida) hech kim bilmaydi. O‘qituvchilarda yetishmayotgan yana bir jihat — zamonaviy pedagogik texnologiyalardan bexabarlik.

Zaruriy islohotlarni hozirgi o‘qituvchilar tarkibi bilan amalga oshirishning iloji bormi? Yana bir marta takrorlayman, gap o‘rtacha o‘qituvchining portreti haqida ketyapti. Ularning hozirgi malakasi va OTMdagi vazifalarini nazarda tutadigan bo‘lsak — yo‘q, iloji yo‘q.

Bu esa xalq ta’limi va oliy ta’lim tizimidagi kadrlar korpusini yangilamasdan turib yuqori malakali bitiruvchilarni tayyorlash va maktablarni tubdan o‘zgartirish ilojsizligini anglatadi.

Uchinchi bosh. Nomukammal qonunchilik tizimi

Bu holda rektorlar nima qilsin? Bir tomondan, OTM (jumladan, pedagogik yo‘nalishdagi OTMlar) va maktablardagi professor-o‘qituvchilar tarkibini yangilash zarur jarayondir. Biroq agar xodim ko‘zga ko‘rinarli xato yoki nojo‘ya ish qilmagan bo‘lsa, uni qanday bo‘shatish mumkin? Shu yerda Gamletning mashhur iborasi: «tirik qolmoq yo o‘lmoq?» mos kelsa kerak.

Tasavvur qiling, xodim mehnat qoidalariga rioya qiladi, kech qolmaydi, ma’ruzalar o‘qiydi, seminarlar o‘tkazadi, jurnalni vaqtida va tartibli qilib to‘ldiradi, kostyum va galstukda keladi, o‘tadigan darslarining hammasidan ma’ruzalarning yozma nusxasini topshiradi. Bundan tashqari, 1−2 yilda bir marta universitet konferensiyalarida qatnashadi, mahalliy to‘plamlarda 3−4 betli maqolasini chop ettiradi (ba’zi-ba’zida respublika to‘plamlariga ham topshiradi), yotoqxonalarda navbatchilik qiladi (hatto sanuzellarning ishga yaroqliligini ham tekshiradi), darslarida qo‘shimcha ko‘rgazmalar (qaysidir talaba tomonidan tayyorlangan plakatlar)dan foydalanadi, universitetdagi hamma majlislarda qatnashadi.

Hatto zamonaviy axborot texnologiyalaridan ham foydalanadi: test va imtihonlarni kompyuter dasturlari orqali o‘tkazadi (mayli, jadvalni biron talaba to‘ldirib bergan bo‘lsa ham). Uni ishdan haydab bo‘ladimi? Bu imkonsiz — uning himoyasida mustahkam Mehnat kodeksi turibdi. U o‘qituvchi — namunali o‘qituvchining yorqin misoli. Zamonamiz qahramoni desak ham bo‘ladi.

U muallim ma’ruzalarni matnga tikilib olib, tom ma’noda o‘qib berishi va ma’ruza davomida talabalar yo uxlayotgan, yo smartfonlarini titkilayotgan bo‘lishi, seminar paytlari esa kitobdan o‘qib berishlari, barcha referatlar internetdan ko‘chirib olinishi, o‘zining yozgan uslubiy qo‘llanmalari kafedradagi tokchalarda chang bosib yotishi, shu o‘qituvchining ilm-fan rivojiga hech narsa qo‘shmayotgani (sovet va rus olimlarining maqolalari tarjimasini hisobga olmasak), uni xorijiy hamkasblaridan hech kim tanimasligi — bular muhim emas, shunchaki hayotning ikir-chikirlari.

Lekin bir muammo bor. Bunday muallimlar bilan O‘zbekiston 2030 yil u yoqda tursin, hali ko‘p yillar davomida PISA reytingidagi ilg‘or 30 mamlakat ichidan joy ololmaydi. Zero, bunday «bilim olgan» bitiruvchi-pedagoglar ta’lim muassasalaridagi o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini raqobatbardosh qila olmaydi.

Ajdahoni yengish!

Maktabdagi vaziyatni o‘zgartirish uchun pedagogika universitetlaridagi tizimni tubdan o‘zgartirish choralarini ko‘rish lozim.

Buning uchun o‘qituvchilarni baholashning yangi tartibi, yangi malaka standarti o‘rnatilib, xodimlar tarkibi shunga ko‘ra o‘zgartirilishi joiz.

O‘z navbatida, bu o‘zgarishlar quyidagilarni taqozo etadi:

  1. Xodimlarni masalaga yangicha yondashuv tartiblari bilan tanishtirish;
  2. Ishga qabul qilish tamoyillarini o‘zgartirish (ochiqlik, shaffoflik, raqobat, xalqaro talablar va hokazo);
  3. Ishlab turgan professor-o‘qituvchilarning darajasini oshirish maqsadida nafaqa koeffitsiyentini qayta tartibga keltirish;
  4. Chet ellik mutaxassislarni jalb qilish;
  5. Attestatsiya tizimini yangilash va mehnatga haq to‘lash tartibini o‘zgartirish.

O‘quv-metodika bazasini yangilash va zamonaviylashtirish yo‘lida ham katta ishlar qilinishi lozim. Til bilan bog‘liq quyidagi muammolar hal qilinishi kerak: birinchidan, o‘qituvchi va talabalarning xorijiy tillarni bilish ko‘nikmalarini oshirish; rus va boshqa tillardagi badiiy, ilmiy-metodik adabiyotlarni o‘zbek tiliga tarjima qilishni yo‘lga qo‘yish. Universitetlardagi ilmiy izlanishlar soni va sifatini ham oshirish zarur.

Eng muhimi: sovet davridan qolgan umrbod ishga yollash tizimidan yangi samarali mehnat shartnomasi tizimiga o‘tish lozim.

Hozirgi kunda universitetning qoidalariga rasman amal qiladigan xodimni ishdan olish deyarli imkonsiz. Undaylar universitetga kanadek yopishib olib, uni o‘zining tinch va odatiy maskaniga, «botqog‘i»ga qarab tortaveradi. Buning ham o‘z afzalliklari borda: «ustoz» va «domla» tabarruk unvoni bilan chaqirilish, «sen menga tegma, men senga tegmayman» qabilidagi ish, odatiy hayot tarzi, mamnun talabalarning sovg‘alari. Inqilobning nima keragi bor?!

Amerika, Yevropa va Janubiy Koreya universitetlarida orttirgan shaxsiy tajribam bilan bo‘lishmoqchiman. Ularning ko‘pchiligida umrbod xodim bo‘lish qiyin. Yosh olimlar (o‘qituvchilar) odatda shartnoma bo‘yicha (1−2 yil) yoki soatbay ishlashadi. Bu vaqtinchalik shartnomalar zarur bo‘lganda cho‘ziladi. Kishi vaqtinchalik shartnoma asosida umrbod ishlab yuraverishi mumkin, doimiy bir lavozim bo‘lishi shart emas.

Undan yuqoriroq unvondagi shartnomalar 5 yilga tuziladi. Eng yuqorisi esa sizga umrbod professor lavozimining berilishi bo‘lib, universitet ma’muriyati sizni ishdan bo‘shata olmaydi. Bir shartnoma turidan ikkinchisiga o‘tish uchun yuqori talablarga javob berish lozim (ta’lim sifati, xorijdagi faoliyati, nashriyotdagi faolligi, katta jurnallardagi maqolalari, xalqaro konferensiyalardagi ishtiroki, universitetga grantlar olib kelish qobiliyati, o‘quvchilarga beriladigan anonim so‘rovnomalardagi yillik reytingi).

Fikrim shunday, agar bizning hozirgi o‘qituvchilarimiz qandaydir tasodif tufayli xorij universitetiga borib qolib, hozirgidek ishlaydigan bo‘lsa, 1 yildan ortiq qolishmaydi (agar 1 semestrdan ortiq qola olishsa). Bu esa kishining o‘z faoliyatiga qora dog‘ tushirishi bilan tengdir.

Universitetlar ta’lim muassasasining o‘ziga xos jihatlarini inobatga oluvchi mehnat kodeksi asosida ishlashi lozim.

Rektorlarga mehnat shartnomasiga to‘g‘ri keladigan yangicha ilmiy tizim asosida xodimlar tarkibini yaratishga erkinlik qo‘yib berilishi kerak. Mehnat shartnomasi turli xil bo‘lsin: qisqa, o‘rta, uzoq muddatli.

Odatda barcha o‘qituvchilar bir vaqtning o‘zida ham ta’lim, ham ilm-fan, ham ijtimoiy hayotda faoliyat olib borishlariga to‘g‘ri keladi. Biroq bir o‘qituvchining ikkinchisidan farqi katta. Biri — ajoyib metodist, lekin ilmiy tadqiqot ishlarida yaxshi emas. Boshqasi — tadqiqotchi, lekin odamovi, o‘quvchilar bilan til topisha olmaydi. Shunday shartnomalar tuzish kerakki, o‘qituvchining kuchli tarafi samarali ishlatilsin.

Universitetlarda ko‘rsatkichlarga ega raqobatbardoshlikni o‘stiruvchi dasturlar bo‘lishi kerak. Ularda muassasa rivojiga hissa qo‘shmayotgan xodimlarni bo‘shatish (yoki vaqtinchalik shartnoma asosida saqlash, boshqa lavozimga tayinlash) universitet yuzini yorug‘ qilayotganlar, raqobatbardoshligini oshirayotganlarni rag‘batlantirish uchun imkoniyat bo‘lsin.

Universitetlarning raqobatbardoshligini oshiradigan ushbu dasturlar mamlakat miqyosida o‘z amaliy ifodasini topgandagina ta’lim tizimi o‘zgaradi. Shundagina innovatsion iqtisodiyotga qadam qo‘yamiz.

Muallif fikri tahririyat qarashlaridan farq qilishi mumkin.

Maqola tarjimasi Khan Academy Oʻzbek tomonidan taqdim etildi.