Turkiya prezidenti fransuz mahsulotlarini boykot qilishga chaqirdi

Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an o‘z mamlakati fuqarolaridan fransuz mahsulotlarini sotib olishdan bosh tortishni iltimos qildi. «Fransiyada bo‘lgani kabi, ular ham turk mollarini sotib olmaslikka chaqirishdi, xuddi shu tarzda men hozir ham o‘z xalqimga murojaat qilaman: fransuz ishlab chiqaruvchilarining mahsulotlarini sotib olmang!» — dedi prezident. Turkiya rahbari Fransiyadagi musulmonlar dunyo hamjamiyati tomonidan himoya qilinish kerakligini ta’kidladi. — RIA Novosti.

Isroil koronavirusga qarshi o‘z vaksinasini sinovdan o‘tkazadi

Isroil Mudofaa vazirligi tez orada koronavirusga qarshi o‘z vaksinasini sinovdan o‘tkazishini ma’lum qildi. Preparatni insonda sinab ko‘rish 1 noyabrdan boshlanadi. Ta’kidlanishicha, Isroil biologik tadqiqotlar instituti allaqachon Sog‘liqni saqlash vazirligi va Xelsinki qo‘mitasidan barcha kerakli tasdiqlarni olgan. — Isroil Mudofaa vazirligining Facebook’dagi sahifasi.

Tesla o‘n minglab avtomobillarini qaytarib oladi

AQSHning Tesla kompaniyasi «podveska» qismida nosozliklar topilgani sababli Xitoydan o‘n minglab avtomobillarini qaytarib oladi. Bunday choralar 2013 yil 17 sentyabrdan 2018 yil 15 yanvargacha AQSHda ishlab chiqarilgan va Xitoyga yetkazib berilgan 50 mingga yaqin Model S va Model X avtomobillariga tegishli. — CNBC.

Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha navbatdagi tinchlik sulhi ham kuchga kirishi bilanoq buzildi

Vashingtonda imzolangan Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi yangi bitim Toshkent vaqti bilan soat 9:00 da kuchga kirgan edi. Biroq bitim kuchga kirishi bilanoq, uning buzilgani ma’lum bo‘ldi. 10 oktyabr kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha erishilgan kelishuv ham o‘sha kuniyoq buzilgan edi. Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi insonparvarlik kelishuvi 26 oktyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 09:00 da kuchga kiradi, deyilgan edi Ozarbayjon, Armaniston va AQSHning qo‘shma bayonotida. — Gazeta.uz