«O‘zbekko‘mir» aksiyadorlik kompaniyasi byudjet tashkilotlariga ko‘mir yetkazib berish rejasini muddatidan oldin bajardi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

26 oktyabr holatiga ko‘ra byudjet sohalari ehtiyojlari uchun 405 ming 400 tonna qattiq yoqilg‘i yetkazib berildi — kompaniya ushbu miqdordagi ko‘mirni 1 noyabrgacha yetkazib berishi rejalashtirilgan edi.

2020 yil davomida byudjet tashkilotlarini ko‘mir bilan ta’minlash hajmi 2019 yilning shu davriga nisbatan 18,3 foizga oshgan.

Ko‘mirning katta qismi Andijon va Farg‘ona viloyatlari uchun zarur bo‘lgan. Kompaniya viloyatlar bo‘yicha yetkazib berilgan ko‘mir hajmi haqida ma’lumot berishni rad etdi.

Ko‘mir ta’minotining ko‘payishi tabiiy gaz qazib olinishi pasayishi oqibatida sodir bo‘lmoqda. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yilning o‘tgan to‘qqiz oyida gaz qazib chiqarish deyarli 20 foizga kamaydi, ya’ni 44,8 mlrddan 36 mlrd kubometrgacha. Gaz kondensati esa 35 foizga yoki 1,5 mln tonnadan 1 mln tonnagacha, ko‘mir — 3% ga, ya’ni 2,7 mlndan 2,6 mln tonnagacha kamaygan.

Bundan tashqari, agar 2019 yil yanvar-sentyabr oylarida O‘zbekiston tabiiy gaz eksportidan 2 mlrd dollardan ortiq daromad olgan bo‘lsa, bu yil u 5,5 baravar kam yoki 366,3 mln dollarni tashkil etadi. Bunga sabab, koronavirus pandemiyasi tufayli O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan gazni Xitoyga eksport qilish bir necha baravar kamaydi, Rossiyaga esa butunlay to‘xtadi.

«Hududgazta’minot» korxonasi vakili Abdusattor Qayumov avvalroq yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylarda markazlashtirilgan isitish tizimi o‘rniga mahalliy isitish tizimi o‘rnatilayotgani, bu esa ko‘p gaz sarflanayotganishiga olib kelib, gaz eksportining kamayishi ichki bozorga gaz yetkazib berishni ko‘paytirishga yordam bermayotgani haqida xabar bergan edi.

Shunga qaramay, prezident Shavkat Mirziyoyev yil oxiriga qadar tabiiy gaz ishlab chiqarishni ko‘paytirish va ichki bozorga qo‘shimcha ravishda yetkazib berishni ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Talabning kamligi sababli O‘zbekistondagi loyihalari orqali Xitoyga gaz eksportini to‘xtatgan «Lukoyl» kompaniyasi gazni ichki bozorga yo‘naltirishi kutilmoqda.