Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi harbiy-tibbiyot fakulteti negizida Mudofaa vazirligining yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan Qurolli Kuchlar Harbiy tibbiyot akademiyasi tashkil etiladi. Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning 22 oktyabrdagi «Harbiy tibbiyot sohasida kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi farmonida ko‘zda tutilgan.

Hujjatda sog‘liqni saqlash tizimida harbiy tibbiyot bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga to‘sqinlik qiladigan bir qator muammolar mavjudligi qayd etilgan. Xususan, doimiy kasbiy tayyorgarlik joriy etilmaganligi, o‘quv jarayonida innovatsion ishlanmalar va texnologiyalardan foydalanish darajasi past ekanligi ta’kidlangan.

Akademiyaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilangan:

  • O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirliklar va idoralar uchun harbiy tibbiyot sohasida zamonaviy talablarga javob beradigan kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
  • tibbiyot sohasida tor mutaxassislarni, ilmiy-pedagogik kadrlarni hamda zaxira va rezervdagi tibbiyot xizmati ofitserlarini tayyorlash;
  • ta’lim jarayoniga xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan ilg‘or pedagogik va innovatsion tibbiyot texnologiyalari, zamonaviy o‘quv dasturlari va o‘quv-uslubiy yondashuvlarni keng joriy etish;
  • harbiy tibbiyot amaliyotida mavjud muammolarning yechimiga qaratilgan fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish;
  • milliy va xorijiy yetakchi oliy, oliy harbiy ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan o‘zaro hamkorlikda ta’lim jarayonini rivojlantirish, sog‘liqni saqlash sohasida ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazish;
  • ta’lim oluvchilarni insonparvarlik va yuksak ma’naviy g‘oyalar asosida, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash.

2021/2022 o‘quv yilidan boshlab akademiyaga nomzodlar Mudofaa vazirligi tomonidan mamlakat umumiy tibbiyot fakultetining beshinchi va profilaktika tibbiyot fakultetining to‘rtinchi yilini tamomlagan, o‘qish natijalari bo‘yicha eng yuqori natijalarni ko‘rsatgan va o‘qishni davom ettirishni istagan talabalar orasidan tanlanadi. Harbiy tibbiyot akademiyasi va kelajakda shartnoma asosida harbiy xizmatni o‘taydi.

Akademiyada kursantlar uchun majburiy ikki yillik o‘qitish ikki bosqichli o‘quv dasturi asosida amalga oshiriladi: birinchi yil — bakalavr darajasida, ikkinchisi — O‘zbekiston Qurolli Kuchlari uchun zarur bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha harbiy amaliyot. Bakalavr darajasi tugagandan so‘ng kursantlarga «tibbiy xizmat leytenanti», harbiy amaliyot o‘taganidan keyin «tibbiy xizmat katta leytenanti» harbiy unvoni beriladi.

Akademiyaning harbiy tibbiyot o‘quv dasturi asosida ta’lim olgan bitiruvchilarning O‘zbekiston Respublikasi oliy tibbiy ta’lim muassasalari davolash va tibbiy-profilaktika fakultetlaridagi o‘qishi Akademiyadagi o‘qishga tenglashtiriladi hamda tibbiyot sohasidagi tor mutaxassisliklar bo‘yicha tibbiyot kadrlari Akademiyaning klinik ordinatura va magistraturasida, ilmiy-pedagogik kadrlar esa uning doktoranturasida tayyorlanadi.