Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi «YTH sodir bo‘lishi ehtimoli yuqori bo‘lgan yo‘l qismi» yangi yo‘l belgisini joriy etish maqsadga muvofiqligini o‘rganmoqda, deya xabar berdi Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati.

«Mazkur yo‘l belgisi haydovchi va piyodalarni yo‘l-transport hodisalari ehtimoli yuqori bo‘lgan yo‘l qismiga yaqinlashib kelayotganlari haqida ogohlantiradi», — deyiladi xabarda.

IIBB ma’lumotiga ko‘ra, ma’lum yo‘l qismining xavfliligi statistik ma’lumotlar va mavjud sharoitlarni, jumladan, yo‘l qoplamasi, ko‘rinishni to‘suvchi yo‘l chetidagi daraxtlar, bino va inshootlar kabi omillarni inobatga olgan holda baholanadi.

Yo‘l-transport hodisalari ro‘y berishi ehtimoli yuqori bo‘lgan yo‘l qismlariga o‘tgan chorak davomida uch martadan ko‘p YTH ro‘y bergan hududlar kiritiladi.

«Yangi ogohlantirish belgisi chetlari qizil rang bilan chegaralangan va o‘rtasida qora rangli nuqtasi bo‘lgan oq rangdagi uchburchak belgi ko‘rinishida bo‘lishi kutilmoqda. Uning ostida to‘rtburchak shaklda ikki avtomobilning to‘qnashuvi yoki avtomobil va piyoda ishtirokida YTH aks etgan rasmli izoh berilgan belgi ham o‘rnatiladi», — deya xabar berdi boshqarma.

Belgi xavfli hududdan 100−150 metr oldin o‘rnatilishi rejalashtirilmoqda, «natijada yo‘l harakati qatnashchilarida chora ko‘rishlari uchun vaqt bo‘ladi. Haydovchi tezlikni pasaytirishi, harakatlarni ehtiyotlik bilan amalga oshirishi zarur bo‘ladi. Piyodadan esa yo‘lni ehtiyot bo‘lib kesib o‘tishi talab etiladi», deyiladi xabarda.

«Mazkur chora yo‘l-transport hodisalarining oldini olishda samarali bo‘ladi deb o‘ylaysizmi?» — deb so‘ramoqda IIBB. Izohlarda fikr qoldirishingiz mumkin.