O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmat «Gazeta.uz»ga turli hududlarda firibgarlik jinoyatini sodir etishga urinish holatlari to‘g‘risida ma’lum qildi.

Urganch tumanida 3 gektar yer maydonini firibgarlik yo‘li bilan sotmoqchi bo‘lgan jamiyat rahbari ushlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departament va DXXning Xorazm viloyat boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Urganch tumanida faoliyat yurituvchi «M.Q.» MCHJ rahbari J.Q. fuqaro Sh. D.ning ishonchiga kirib, jamiyatga uzoq muddatga chorvachilik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun ajratilgan yer maydonidan 3 gektarini Urganch tumani hokimligi zaxirasiga qaytarib, uning nomiga rasmiylashtirib berishi evaziga 40 000 AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan J.Q.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Yakkasaroy tumanida fuqaroning 74 ming dollarini qo‘lga kiritgan firibgarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yakkasaroy tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro T.Ya. fuqaro S.E.ning ishonchiga kirib, yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali «E-ijro» elektron auksion savdolaridan har xil rusumdagi avtomashinalarni xarid qilib berish evaziga 74 ming dollarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan T.Ya.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi 28,211-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Imtiyozli un olib berish evaziga fuqarolarni chuv tushirgan firibgarlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Jalaquduq tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro A.A. va boshqalar tumandagi «Guliston» va «To‘racheki» MFY larda yashovchi fuqarolarning ishonchiga kirib, ularga imtiyozli narxlarda «Andijondonmahsulotlari» AJdan un olib kelishni va’da qilib, 354 nafar fuqaroning 49 mln so‘m pullarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganliklari aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan A.A. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Marg‘ilonda fuqaroni O‘sh davlat universitetiga o‘qishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan firibgarlar ushlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Marg‘ilon shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqarolar U.S. va B.F. oldindan til biriktirib, fuqaro M.Z.ning ishonchiga kirib, uni Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh Davlat universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 2 600 AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan U.S. va B.F.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.