Joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida, O‘zbekistonda jami 65,2 trln so‘mlik qurilish ishlari bajarilib, o‘sish sur’ati 2019 yilning yanvar-sentyabr oylariga nisbatan 108,6 foizni tashkil etdi. Bu haqda Statistika qo‘mitasi ma’lumot berdi.

Qurishlarning tarkibida yirik qurilish tashkilotlari tomonidan bajarilgan ishlar 27,9 foizni, kichik korxona va mikrofirmalar tomonidan bajarilgan ishlar 54,8 foizni hamda jismoniy shaxslar tomonidan bajarilgan qurilish ishlari ulushi 17,3 foizni tashkil etdi. Shuningdek, ushbu davr mobaynida qurilish ishlarining asosiy qismi, ya’ni 95,8 foizi nodavlat mulkchiligidagi korxona va tashkilotlar tomonidan bajarilgan. Qolgan 4,2 foizi davlat mulkchiligidagi korxona va tashkilotlariga to‘g‘ri keladi.

Respublika bo‘yicha qurilish ishlarining eng yuqori hajmi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelib, 2020 yilnig yanvar-sentyabr oylarida mamlakat bo‘yicha jami qurilish ishlarining 20,5 foizi yoki 13,4 trln so‘mlik qurilish ishlari bajarildi.

Toshkent (7,1%) va Buxoro (6,2%) viloyatlarida ham boshqa hududlarga nisbatan ko‘proq qurilish ishlari bajarildi.