Xivadagi Ichan-Qal’a davlat muzey-qo‘riqxonasi fondida saqlanayotgan 100 ta noyob muzey ashyosining 3D ko‘rinishlarini sifatli tarzda raqamlashtirish maqsadida «Interactivt System» kompaniyasi bilan hamkorlikda amaliy ishlar yakunlandi, deya ma’lum qildi Madaniyat vazirligi matbuot xizmati.

Hozirgi kunda ushbu noyob eksponatlarning 3D ko‘rinishlari qariyb tayyor holatga keltirildi va ularni respublika muzeylarining yagona portaliga joylashtirish uchun moslashtirish ishlari yakunlanmoqda. Tez kunlarda muzey ilmiy xodimlari ularni o‘zbek, rus, ingliz tillaridagi tavsifini shakllantirishga kirishadi.

Qayd etilishicha, loyiha amalga oshirilganidan keyin dunyoning istalgan burchagidan muzeyga masofadan turib tashrif buyurish va eksponatlarning vizual ko‘rinishlari haqida axborot olish imkoni yaratiladi.

«Eng zamonaviy ushbu uslub hozirgi fan-texnika rivojlangan zamonda xorijiy sayyohlar va mahalliy aholini ayniqsa, yoshlarni qiziqishini oshiradi va virtual sayohat qilganlar keyinchalik muzeylarga bevosita tashrif buyurishiga zamin yaratadi. Bu esa, o‘z navbatida, muzeyimizning jozibadorligini, targ‘ibot, tashviqot ishlari sifatini oshiradi hamda muzey marketingida katta qadam bo‘lib, kelgusida muzey qo‘riqxona faoliyati, binobarin, muzeyga tashrif buyuruvchilar sonini kengaytirishga turizmni rivojlantirish, iqtisodiyotni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi», — deyiladi xabarda.