Markaziy bank pul-kredit siyosatining 2021 yil va 2022−2023 yillarga mo‘jallangan asosiy yo‘nalishlarini tasdiqladi. Bu haqda Markaziy bank bayonot berdi.

«2020 yil mamlakatimiz va jahon iqtisodiyoti uchun juda murakkab yil bo‘ldi. Global pandemiya ta’sirida boshlangan inqiroz ham ichki ham tashqi iqtisodiy sharoitlarning yomonlashuvi hamda talab va taklif tebranishlarining bir paytda sodir bo‘lganligi bilan o‘ziga xos davr hisoblanadi», — deyiladi bayonotda.

Iqtisodiyotga ta’sir qilayotgan asosiy omillardan quyidagilar ta’kidlangan: jahon iqtisodiyotida va mamlakat tashqi savdo hamkorlarida iqtisodiy faollikning keskin susayishi, xomashyo narxlarining tushib ketishi va moliya bozorlardagi beqarorlik fonida iqtisodiy pasayish tendensiyalarning kuzatilishi.

Markaziy bank iqtisodiyotlarga turli darajada tebranish va ta’sir ko‘rsayotgan koronavirus pandemiyasi iqtisodiy istiqbollarni baholash va makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni prognozlashtirishni ma’lum jihatdan qiyinlashtirishini ta’kidladi.

Shu sababdan, makroiqtisodiy rivojlanish bo‘yicha 3 xil ssenariy ishlab chiqildi:

  1. Asosiy;
  2. Optimimstik (tezkor iqtisodiy tiklanish);
  3. Xatarli (tashqi iqtisodiy xatarlar kuchayishiga asoslangan).

Asosiy ssenariy

Asosiy ssenariy bo‘yicha pandemiya bilan bog‘liq vaziyat bosqichma-bosqich yaxshilanib borishi bo‘yicha kutilmalar, aholi va biznes vakillarini o‘z faoliyatlarini pandemiya va undan keyingi sharoitlarga moslashgan holda davom ettirishlari asosiy shartlardan qilib olingan.

Mazkur ssenariy doirasidagi hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatda iqtisodiy faollik va yalpi talab 2021 yil oxirida inqirozdan oldingi ko‘rsatkichlarga yaqinlashadi, 2023 yilda iqtisodiyot o‘zining potensiali darajasigacha tiklanadi. Tashqi talab 2022 yil ikkinchi yarim yilligidan inqirozdan oldingi darajasiga yetadi.

Byudjet daromadlari tiklanib borib, 2022 yilda yig‘ma byudjet defitsiti 2,5 foizgacha pasayishi prognoz qilinmoqda. Asosiy ssenariyga muvofiq, pul-kredit siyosatining joriy «nisbatan qat’iy» sharoitlari 2021 yil oxiriga qadar saqlanib qolinadi.

Optimistik ssenariy

Ushbu ssenariy pandemiya bilan bog‘liq vaziyatning nisbatan tez sur’atlarda yaxshilanishi, kelgusida karantin choralarining joriy etilmasligi hamda jahonda virusga qarshi vaksina va dorilar 2021 yilning ikkinchi yarmidan keng tatbiq qilinishi sharoitlarini o‘z ichiga oladi.

Ushbu ssenariyda asosiy savdo hamkorlar iqtisodiyotining bir maromda tiklanishi hisobiga tashqi talab 2021 yil ikkinchi yarim yilligida inqirozdan oldingi darajasiga yetishi va jahon iqtisodiyoti tiklanib borgani sari oltin narxi pasayib borishi prognoz qilinmoqda.

Optimistik ssenariy bo‘yicha ichki iqtisodiy faollik va yalpi talab 2021 yil o‘rtasida inqirozdan oldingi darajaga yaqinlashishi, iqtisodiyot o‘zining potensialiga 2022 yilda yetishi kutilmoqda. Asosiy ssenariydan farqi transport, xizmatlar va turizm sohalarida ham o‘sish sur’atlarining jonlanishi.

Yig‘ma byudjet defitsitining 2022 yilda 2 foizgacha qisqarib borishi prognoz qilinmoqda. Optimistik ssenariyda belgilangan shartlar ro‘y bergan taqdirda, pul-kredit siyosatining amaldagi «nisbatan qat’iy» sharoitlari saqlab qolinadi.

Xatarli ssenariy

Tashqi iqtisodiy xatarlarning kuchayishiga asoslangan ushbu ssenariy jahonda pandemiya bilan bog‘liq vaziyatning keskinlashib borishi va global yopilish 2021−2022 yillarda ham davom etishi ehtimollarini ko‘zda tutadi.

Tashqi savdodagi hamkorlar iqtisodiyotining sekin sur’atlarda tiklanishi, tashqi talab darajasining faqatgina 2023 yil ikkinchi choragiga kelib inqirozdan oldingi darajasiga yetishi va xavfsiz aktiv sifatida oltin narxida o‘suvchi dinamikani saqlanib qolishi prognoz qilinmoqda.

Xatarli ssenariy bo‘yicha kuzalitishi mumkin jarayonlar: ichki iqtisodiy faollik va yalpi talab faqatgina 2022 yilning oxiriga kelib inqirozdan oldingi darajaga yaqinlashishi, iqtisodiyot o‘zining potensiali darajasiga 2023 yildan keyin yetishi, yig‘ma byudjet defitsiti 6−7 foiz atrofida shakllanishi.

Mazkur ssenariyda talab omillari tomonidan inflyatsiyaga bosim pasayadi, inflyatsiyaning prognoz trayektoriyasidan pasayish tomonga og‘ishi pul-kredit sharoitlarini «biroz yumshatish» imkoniyatini yaratadi.

«Ta’kidlash joizki, uchala ssenariy doirasida rivojlanish tendensiyalari va kutilayotgan o‘zgarishlardan kelib chiqib, 2021−2023 yillar davrida amalga oshiriladigan pul-kredit sharoitlari belgilanadi va ssenariylarga munosib keladigan pul-kredit instrumentlar to‘plamidan foydalaniladi. Bunda, har bir ssenariyning xususiyatlari, inflyatsion xarakteri va omillarining shakllanishi nuqtai nazaridan baholanadi va shunga mos javob choralar tizimi ishlab chiqiladi», — deyiladi Markaziy bank bayonotida.