2021 yil 1 yanvardan O‘zbekiston va xorijiy davlatda tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar, shu jumladan maishiy tusdagi ofatlar oqibatida jismoniy shaxslarning aybisiz yo‘qotilgan yoki yaroqsiz holga kelgan hujjatlarni tiklashda ular davlat boji va yig‘imlardan ozod qilinadi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» Telegram-kanalida xabar qilindi.

Prezidentning 22 oktyabrdagi «Favqulodda vaziyatlardan jabr ko‘rgan fuqarolarni ijtimoiy himoya qilishning qo‘shimcha choralari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, ofatlar yuz berganligini tasdiqlash, zarurat bo‘lganda, hujjatni tiklash vakolati bo‘lgan davlat organining so‘roviga asosan:

  • O‘zbekiston hududida — Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan beriladigan ma’lumotnoma asosida;
  • Xorijiy davlatlar hududida — xorijiy davlat vakolatli idoralari tomonidan berilgan va legallashtirilgan yoki apostil qo‘yilgan yoxud xalqaro shartnomalarga muvofiq rasmiylashtirilgan ma’lumotnoma asosida amalga oshiriladi.

O‘zbekiston hududida ofatlar yuz bergani oqibatida hujjatlarni tiklaganlik uchun undirilmagan to‘lovlar, mazkur holatlar yuzasidan aybdor shaxslar (tashkilotlar) mavjud bo‘lsa, keyinchalik ulardan regress tartibida undiriladi.

Ofatlar yuz bergani oqibatida jismoniy shaxslarning aybisiz hujjatlar yo‘qotilsa yoki yaroqsiz holga kelsa, ularga nisbatan jazo choralari qo‘llanilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, Sardoba fojiasi natijasida jabr ko‘rgan fuqarolarning yo‘qolgan hujjatlari Davlat xizmatlari markazlari tomonidan eksterritoriallik tamoyili asosida qayta rasmiylashtirib berilishi xabar qilingan edi.